O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Sport

Otabek Umarov JCHda O‘zbekiston termasini qo‘llab-quvvatladi

UzDaily tahririyati · 25.06.2026 · 11:51 · 28 views
Otabek Umarov JCHda O‘zbekiston termasini qo‘llab-quvvatladi

Otabek Umarov JCHda O‘zbekiston termasini qo‘llab-quvvatladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Milliy olimpiya qo‘mitasi raisi birinchi o‘rinbosari Otabek Umarov shu kunlarda futbol bo‘yicha jahon chempionatining final bosqichida ishtirok etayotgan O‘zbekiston milliy terma jamoasini qo‘llab-quvvatlab chiqdi.

Sport sohasi vakili taʼkidlashicha, bunday nufuzli musobaqada ishtirok etishning o‘ziyoq mamlakat futboli uchun ulkan va beqiyos tajriba hisoblanadi. Uning fikricha, bu kelajakda xalqaro maydonda yirik g‘alabalarga erishish uchun mustahkam zamin yaratadi.

Otabek Umarov milliy terma jamoaning har bir futbolchisidan faxrlanishini bildirib, ularning jasorati tufayli O‘zbekiston Respublikasi bayrog‘i dunyoning eng nufuzli sport musobaqasida baland ko‘tarilganini, davlat madhiyasi esa butun dunyo bo‘ylab millionlab muxlislar oldida yangrayotganini qayd etdi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, jahon chempionatiga ilk bor chiqish nafaqat futbol jamoatchiligi, balki Yangi O‘zbekiston sporti tarixidagi eng muhim yutuqlardan biri sifatida yilnomalardan joy oladi. Bu mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarning yuqori samaradorligini ham tasdiqlaydi.

MOQ raisi birinchi o‘rinbosari jahon chempionati uchrashuvlarini bevosita stadiondan kuzatar ekan, O‘zbekiston terma jamoasi o‘yinlarini nafaqat yurtdoshlar, balki ko‘plab xorijlik futbol muxlislari ham katta qiziqish bilan tomosha qilayotganiga eʼtibor qaratdi. Uning taʼkidlashicha, jamoaning o‘yini turli mamlakatlar vakillarida ham samimiy taassurot uyg‘otmoqda.

Murojaati yakunida Otabek Umarov guruh bosqichidagi hal qiluvchi uchrashuv arafasida barcha muxlislarni Vatan sharafi yo‘lida birlashishga, jamoani maksimal darajada qo‘llab-quvvatlashga va futbolchilarga yuqori natijalarga erishish uchun ishonch bag‘ishlashga chaqirdi.