Oʻzbekistonda noqonuniy migratsiya sxemalariga chek qoʻyildi
Oʻzbekistonda noqonuniy migratsiya sxemalariga chek qoʻyildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Noqonuniy migratsiyaga qarshi kurashish yo‘nalishida Davlat xavfsizlik xizmati hamda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xodimlari hamkorligida Navoiy va Qashqadaryo viloyatlarida tezkor tadbirlar o‘tkazildi.
Jumladan, Navoiy shahrida faoliyat yurituvchi sayyohlik firmasi rahbari Xatirchi tumanida yashovchi, 2006 y.t. fuqaroning ishonchiga kirib, barcha hujjatlarni o‘zi tayyorlagan holda, uni Bolgariya davlatiga ishga yuborish evaziga 3 ming AQSH dollari olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.
Kitob tumanida ham shu kabi holat fosh etildi. Xususan, Toshkent viloyatida yashovchi, 1997 y.t. shaxs 2 nafar fuqaroning ishonchiga kirib, ularni Isroil davlatiga ishlash uchun yuborish va ishchi vizasini o‘zining tanishlari orqali tayyorlatib berish evaziga 20 ming AQSH dollari talab qilgan.
O‘tkazilgan tezkor tadbirda mazkur shaxs Qashqadaryo viloyatiga borib, so‘ralgan pul mablag‘i hisobidan 5 ming AQSH dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Hozirda har ikki holat yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Fuqarolarga xorijga ishga yuborish bo‘yicha ijtimoiy tarmoqlardagi takliflarga nisbatan ehtiyotkorlik bilan yondashishlari, faqat Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi yoki tegishli litsenziyaga ega bo‘lgan xususiy bandlik agentliklari xizmatlaridan foydalanish tavsiya etiladi.