Oʻzbekiston Xitoyda kam uglerodli amaliyotlarni oʻrganmoqda.
Oʻzbekiston Xitoyda kam uglerodli amaliyotlarni oʻrganmoqda.
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoy Xalq Respublikasida Shanxay Hamkorlik Tashkilotiga aʼzo davlatlar uchun kam uglerodli rivojlanish va uglerod neytralligiga erishish boʻyicha salohiyatni oshirish dasturi amalga oshirilmoqda, unda Oʻzbekiston vakili ishtirok etmoqda.
Oʻzining treningi doirasida “Oʻzbekneftgaz” AJ boshqaruvi raisining maʼnaviyat va maʼrifiy ishlar, davlat tili va gender siyosati boʻyicha maslahatchisi zamonaviy ekologik va energetika yondashuvlarini oʻrganishga qaratilgan xalqaro kurslarda qatnashmoqda.
To‘liq grant asosida tashkil etilgan o‘quv dasturida tinglovchilar uchun bugungi kundagi dolzarb ekologik va energetik masalalarga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy ma’ruzalar hamda amaliy mashg‘ulotlar o‘rin olgan.
Malaka oshirish dasturi doirasida Xitoy Fanlar akademiyasi ilmiy tadqiqot markazi olimlari, Global energiya internet-birlashmasini rivojlantirish bo‘yicha xalqaro tashkilot mutaxassislari, Pekin universiteti dotsentlari hamda Xitoy ijtimoiy fanlar akademiyasining Rossiya, Sharqiy Yevropa va Markaziy Osiyo bo‘yicha tadqiqotlar instituti ilmiy xodimlari tomonidan ma’ruzalar o‘qilishi rejalashtirilgan.
Ma’ruzalar kam uglerodli rivojlanish istiqbollari, neft-gaz sanoatida atrof-muhitga salbiy ta’sirni kamaytirish, tabiiy resurslarni tejashga qaratilgan tizimli loyihalar hamda Markaziy Osiyoda kechayotgan integratsiya jarayonlari kabi global mavzularni qamrab oladi.
Shuningdek, o‘quv dasturi doirasida Shanxay Hamkorlik Tashkiloti doirasida tashkil etilgan Xitoy–SHHT ilmiy-texnikaviy va innovatsion hamkorlik markazi, SHHT namoyish zonasidagi “yashil” kam uglerodli innovatsiyalar texnoparki hamda Chindao shahridagi atrof-muhitni muhofaza qilish uskunalarini ishlab chiqaruvchi “Danen” korxonalariga tashriflar tashkil etilishi ko‘zda tutilgan.
Bundan tashqari, tinglovchilar Сhindao shahridagi yuqori texnologiyalarni rivojlantirish zonasida ifloslanish va uglerod chiqindilarini kamaytirish bo‘yicha tajriba parkining “yashil transformatsiya” modeli hamda “TELD NEW ENERGY” kompaniyasining uglerod chiqindilari nol darajaga teng yuqori texnologik binosini ekspluatatsiya qilish tajribasi bilan ham yaqindan tanishadilar.