Oʻzbekiston va Turkiya parlamentlararo aloqalarni mustahkamlamoqda
Oʻzbekiston va Turkiya parlamentlararo aloqalarni mustahkamlamoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Numan Kurtulmush bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida Taʼkidlanganidek, ikki davlat rahbarlarining mustahkam siyosiy irodasi va o‘zaro ishonchga asoslangan munosabatlari natijasida O‘zbekiston – Turkiya aloqalari keng qamrovli strategik sheriklik darajasiga ko‘tarildi. So‘nggi yillarda parlamentlararo muloqotlar va o‘zaro tashriflar faollashib, hamkorlik izchil rivojlanib bormoqda.
Uchrashuvda parlamentlararo hamkorlik guruhlari va qo‘mitalar o‘rtasidagi aloqalarni yanada kuchaytirish, muntazam muloqot mexanizmlarini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish muhimligi qayd etildi.
Shuningdek, savdo va investitsiyalar, sanoat, taʼlim, madaniyat va turizm sohalaridagi hamkorlik masalalari atroflicha muhokama qilindi. Oliy darajada erishilgan kelishuvlarning ijrosini taʼminlashda parlament nazoratini kuchaytirish, qonunchilik asoslarini takomillashtirish va hududlararo hamkorlikni kengaytirishga alohida eʼtibor qaratildi.
Tomonlar parlamentlarning tegishli qo‘mitalari o‘rtasida iqtisodiyot, investitsiyalar, innovatsiya, bank-moliya, turizm va madaniy-gumanitar sohalarda muloqotlarni davom ettirish muhimligini taʼkidladi. Shu bilan birga, xalqaro reytinglar, Barqaror rivojlanish maqsadlari, gender tenglik, korrupsiyaga va odam savdosiga qarshi kurashish yo‘nalishlarida hamkorlikni rivojlantirishga tayyorlik bildirildi.
Uchrashuv yakunida parlamentlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada mustahkamlashga qaratilgan 2026–2027-yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi.