O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Shri-Lanka biznes hamkorligini kengaytirmoqda

UzDaily tahririyati · 13.07.2026 · 10:00 · 25 views
Oʻzbekiston va Shri-Lanka biznes hamkorligini kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Shri-Lanka biznes hamkorligini kengaytirmoqda

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 9 iyul kuni O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasida Shri-Lanka Tashqi ishlar, xorijiy bandlik va turizm vazirining birinchi o‘rinbosari Aruni Ranaraja boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot markazida ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni yangi bosqichga olib chiqish, ishbilarmon doiralar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri muloqotni kuchaytirish va qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari bo‘ldi.

Xususan, turizm, to‘qimachilik, axborot texnologiyalari, zargarlik sanoati va farmatsevtika kabi istiqbolli sohalarda mavjud salohiyatdan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratildi.

Ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi hamkorlik uchun mustahkam institutsional asos yaratish maqsadida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi va Shri-Lanka Milliy Savdo-sanoat palatasi o‘rtasida Anglashuv memorandumini imzolash taklifi ilgari surildi.

Shuningdek, Shri-Lanka tomoni o‘zbekistonlik tadbirkorlarni «Sri Lanka Expo 2027» xalqaro ko‘rgazmasida ishtirok etishga taklif qildi. Ushbu nufuzli maydon yangi biznes sheriklar topish, tashqi bozorlarga chiqish, investitsiyaviy salohiyatni namoyish etish va savdo aloqalarini kengaytirish uchun muhim imkoniyat bo‘lib xizmat qiladi.

Uchrashuv yakunida muhokama qilingan tashabbuslarni amaliy natijalarga aylantirish va o‘zaro manfaatli munosabatlarni izchil rivojlantirishga kelishib olindi.