Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni investitsiyalarni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Saudiya Arabistoni investitsiyalarni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Saudiya Arabistoni investitsiyalarni rag‘batlantirish agentligining bosh ijrochi direktori Xalid Al-Khattaf boshchiligidagi delegatsiya vakillari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda, shuningdek, “ACWA Power” kompaniyasi raisi Muhammad Abunayyan hamda “Vision Invest” kompaniyasi bosh ijrochi direktori Omar Al-Midani ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikning bugungi holati, qo‘shma loyihalarning amalga oshirilish jarayoni hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlar muhokama qilindi.
Tomonlar Saudiya Arabistoni vakillarining Toshkent xalqaro investitsiya forumidagi ishtiroki, forum doirasida ilgari surilayotgan tashabbuslar va ikki mamlakat ishbilarmon doiralari o‘rtasidagi aloqalarni yanada kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratdi.
Uchrashuvda O‘zbekistonda so‘nggi yillarda investitsiyaviy muhitni yaxshilash, xorijiy investorlar uchun qulay sharoitlar yaratish, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini rivojlantirish hamda yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirish borasida olib borilayotgan ishlar alohida qayd etildi.
Shuningdek, transport, logistika, energetika va boshqa ustuvor tarmoqlarda Saudiya kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan loyihalarning joriy holati ko‘rib chiqildi.
Tomonlar xususiy investitsiyalarni jalb etish, infratuzilma loyihalarini jadallashtirish va O‘zbekiston iqtisodiyotining ustuvor yo‘nalishlarida yangi tashabbuslarni ishlab chiqish bo‘yicha hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanliklarini bildirdilar.
Yakunda mavjud qo‘shma loyihalarni izchil amalga oshirish, istiqbolli yo‘nalishlar bo‘yicha amaliy muloqotni davom ettirish hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi investitsiyaviy hamkorlikni yanada mustahkamlashga kelishib olindi.