Oʻzbekiston va Pokiston mintaqaviy hamkorlikni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Pokiston mintaqaviy hamkorlikni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 29-aprel kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Afg‘oniston bo‘yicha Maxsus vakili Ismatulla Irgashev Pokiston Islom Respublikasining mamlakatimizdagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Ahmed Faruq bilan uchrashdi.
Muloqot davomida O‘zbekiston–Pokiston strategik sherikligining dolzarb masalalari, jumladan, siyosiy muloqotni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlik, transport, logistika va mintaqaviy o‘zaro bog‘liqlik sohalaridagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Afg‘oniston yo‘nalishida hamkorlik qilish, mintaqaviy xavfsizlikni mustahkamlash, shuningdek, yirik transport-kommunikatsiya loyihalarini, xususan, Transafg‘on temir yo‘lini amalga oshirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratildi.
Tomonlar amaliy hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, muntazam aloqalarni davom ettirish hamda mintaqada barqarorlik, ishonch va izchil rivojlanishni mustahkamlashga qaratilgan tashabbuslarni birgalikda ilgari surishdan o‘zaro manfaatdor ekanini tasdiqladi.