Oʻzbekiston va JICA energiya samaradorligini oshirish boʻyicha kelishuvlarni imzoladilar
Oʻzbekiston va JICA energiya samaradorligini oshirish boʻyicha kelishuvlarni imzoladilar
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligi (JICA) katta vitse-prezidenti Yoshifumi Yoshikava boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
JICA delegatsiyasi tarkibida Markaziy Osiyo va Kavkaz bo‘limi direktori Kenichi Kono, JICAning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Mamoru Sakai hamda boshqa vakillari ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosarlari Otabek Fazilkarimov va Umid Abidxadjayev, Iqtisodiyot va moliya vazirining maslahatchisi Jasur Karshibayev hamda Energiya samaradorligi milliy agentligi direktori Ziyoviddin Badriddinov ishtirok etdi.
Uchrashuv avvalida JICA ishtirokida amalga oshirilayotgan “Ijtimoiy binolarda energiya samaradorligini oshirish” hamda “Sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish” loyihalarini moliyalashtirishga oid bitimlar imzolandi. Mazkur loyihalar ta’lim va sog‘liqni saqlash muassasalarida energiya samarador yechimlarni joriy etish, shuningdek, imtiyozli moliyalashtirish mexanizmlari orqali sanoat korxonalarida energiya samaradorligini oshirish bo‘yicha chora-tadbirlarni qo‘llab-quvvatlashni nazarda tutadi.
Tomonlar O‘zbekiston va JICA o‘rtasidagi hamkorlikning bugungi holati hamda istiqboldagi ustuvor yo‘nalishlarini muhokama qildilar. Xususan, iqtisodiy-ijtimoiy rivojlanishni qo‘llab-quvvatlash, texnik ko‘mak dasturlarini kengaytirish hamda istiqbolli qo‘shma loyihalarni amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
Muzokaralar yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, yuqoridagi yo‘nalishlar yuzasidan fikrlar almashinuvi jarayonlarini kengaytirish hamda belgilangan maqsadlarga yetish tizimli va samarali faoliyat yuritishga kelishib oldi.