O‘zbekistonda ilk pullik yo‘l avgust oyida ochiladi — Mirziyoyev
O‘zbekistonda ilk pullik yo‘l avgust oyida ochiladi — Mirziyoyev
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatdagi ilk pullik avtomobil yo‘li — Urganch va Xiva shaharlarini bog‘lovchi avtomagistralni avgust oyida foydalanishga topshirish rejalashtirilganini maʼlum qildi. Bu haqda davlat rahbari 22 iyul kuni Toshkent — Samarqand avtomagistrali qurilishini boshlash marosimida so‘zladi.
Prezidentning taʼkidlashicha, Urganch va Xivani bog‘lovchi birinchi pullik avtomobil yo‘lining qurilishi yakuniy bosqichga yaqinlashgan. Ushbu avtomagistral mintaqa turistik infratuzilmasining muhim qismiga aylanib, mahalliy aholi, ichki va xorijiy sayyohlarga xizmat qiladi.
Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi maʼlumotlariga ko‘ra, 15 iyul holatiga 35 kilometrlik avtomagistralning qurilish ishlari 80 foizga bajarilgan.
Yo‘lning butun uzunligi bo‘ylab yer ishlari va asos tayyorlash ishlari to‘liq yakunlangan. 25 kilometr masofada asfalt-beton qoplamasining birinchi qatlami yotqizilgan. Loyiha doirasida 15 ta ko‘prik, bitta tunnel, beshta yerosti o‘tish yo‘lagi va 101 ta suv o‘tkazuvchi inshoot barpo etilgan.
Qiymati 120 million AQSH dollariga baholangan to‘rt qatorli avtomagistral qurilishi fevral oyida boshlangan. Yangi yo‘l mavjud D215 Xiva shossesiga muqobil bo‘ladi. Loyiha amalga oshirilgach, Urganch va Xiva o‘rtasidagi safar vaqti 60 daqiqadan 17 daqiqagacha qisqarishi, yo‘lning o‘tkazuvchanligi esa sutkasiga 20 mingdan ortiq avtomobilni tashkil etishi kutilmoqda.
Prezident, shuningdek, Toshkent — Andijon pullik avtomagistralini qurish bo‘yicha xalqaro tender yakuniy bosqichga kirganini maʼlum qildi.
Loyiha poytaxtni Farg‘ona vodiysi bilan bog‘laydigan 314 kilometrlik avtomagistralni qurishni nazarda tutadi. Birinchi bosqichda Toshkent — Angren — Qamchiq dovoni yo‘nalishidagi 171 kilometrlik uchastkani, jumladan 33 kilometr yangi tunnellarni barpo etish rejalashtirilgan.
Loyihaning birinchi bosqichi qiymati avvalroq 3,66 milliard AQSH dollariga baholangan edi. Avtomagistral foydalanishga topshirilgach, Toshkentdan Andijongacha bo‘lgan safar vaqti 5–5,5 soatdan 2–2,5 soatgacha qisqarishi kutilmoqda.
Loyiha Jahon banki ko‘magida amalga oshirilmoqda. Loyihalash va tender jarayonlarini tashkil etish ishlarini xalqaro Arup kompaniyasi olib bormoqda.
Bundan tashqari, davlat rahbari Toshkent — Chorvoq pullik avtomobil yo‘lining loyihalash ishlari yakunlanganini ham maʼlum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda xususiy sherikni aniqlash jarayoni davom etmoqda. Shundan keyin loyihani amalga oshirish bo‘yicha amaliy ishlar boshlanadi.
Uzunligi 52 kilometr bo‘lgan yangi olti qatorli avtomagistral Yangi Toshkentni Chorvoq suv ombori bilan bog‘laydi.
Yo‘l soatiga 150 kilometr tezlikka mo‘ljallangan bo‘lib, safar vaqtini 80 daqiqadan 35 daqiqagacha qisqartirish imkonini beradi. Loyiha mamlakatning eng mashhur turistik yo‘nalishlaridan biriga olib boruvchi mavjud avtomobil yo‘lidagi transport yuklamasini kamaytirishga ham qaratilgan.
Shavkat Mirziyoyev taʼkidlashicha, ushbu loyihalar bilan bir qatorda Qashqadaryo, Namangan, Buxoro va Surxondaryo viloyatlaridagi yirik yo‘l infratuzilmasi loyihalarini amalga oshirish ishlarini ham jadallashtirish rejalashtirilmoqda.