O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va IHG tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilishni muhokama qilishdi

UzDaily · 16.06.2026 · 17:25 · 28 views
Oʻzbekiston va IHG tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilishni muhokama qilishdi

Oʻzbekiston va IHG tibbiyot markazlarini modernizatsiya qilishni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 15-iyun kuni Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Buyuk Britaniyaning "International Hospitals Group" (IHG) kompaniyasi bosh direktori Chester King bilan uchrashuv oʻtkazdi.

Sogʻliqni saqlash infratuzilmasini loyihalash, moliyalashtirish, qurish va boshqarishga ixtisoslashgan "International Hospitals Group" kompaniyasi shu kunga qadar dunyoning 55 ta mamlakatida 500 dan ortiq yirik tibbiy loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirgan.

Muloqot chogʻida tomonlar Qibray tumanidagi Respublika narkologiya markazini modernizatsiya qilish va toʻliq qayta taʼmirlash, shuningdek, Psixik salomatlik va qaramlikni davolash boʻyicha milliy ilgʻor tajriba markazini tashkil etish masalalarini muhokama qildilar.

Britaniya tomoni zamonaviy davolash, reabilitatsiya hamda ilmiy faoliyatni oʻzida mujassam etgan majmuaning bosh rejasini taqdim etdi. Mazkur konsepsiya dastlab 150 ta oʻringa moʻljallangan boʻlib, kelgusida ularning sonini 250 taga yetkazish imkoniyatini koʻzda tutadi.

Uchrashuv ishtirokchilari loyihani moliyalashtirish mexanizmlari, muassasa boshqaruvi, kadrlar tayyorlash va xalqaro klinik standartlarni joriy etish masalalari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.

Muzokaralar yakunida tomonlar hamkorlikni izchil davom ettirish, texnik va moliyaviy masalalarni birgalikda ishlab chiqish hamda loyihaning navbatdagi bosqichlarini jadallashtirishga kelishib oldilar.

UzDaily · 👁 28 views · 16.06.2026 · 17:25