O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Germaniya Yevropada qonuniy ishga joylashish boʻyicha kelishib oldilar

UzDaily · 23.06.2026 · 15:35 · 28 views
Oʻzbekiston va Germaniya Yevropada qonuniy ishga joylashish boʻyicha kelishib oldilar

Oʻzbekiston va Germaniya Yevropada qonuniy ishga joylashish boʻyicha kelishib oldilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasining Germaniyadagi rasmiy vakili – UZ Trade House Germany (UZTH) hamda Germaniyaning Gamburg shahrida joylashgan Hanseatic Connect xalqaro kadrlar kompaniyasi o‘rtasida strategik hamkorlik to‘g‘risidagi kelishuv imzolandi.

Hanseatic Connect — Germaniyaning Gamburg shahrida joylashgan xalqaro kadrlar kompaniyasi bo‘lib, 140 yillik tarixga ega Schulte Group tarkibiga kiradi. Kompaniya sog‘liqni saqlash, parvarishlash va xizmat ko‘rsatish sohalari uchun xorijiy mutaxassislarni tayyorlash va ishga joylashtirish bilan shug‘ullanadi. Schulte Group esa 30 dan ortiq mamlakatlarda faoliyat yurituvchi, 45 mingdan ziyod xodimga ega yirik xalqaro sanoat va dengizchilik guruhi hisoblanadi.

Mazkur kelishuv O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, shuningdek, o‘zbekistonlik mutaxassislarni Yevropa mehnat bozoriga tizimli ravishda tayyorlash va jalb etishga xizmat qiladi.

Hamkorlik doirasida UZTH o‘zining O‘zbekistondagi keng hamkorlik tarmog‘i orqali istiqbolli nomzodlarni aniqlash va tanlashga ko‘maklashsa, Hanseatic Connect ularning kasbiy tayyorgarligi, til o‘quvlari, viza va diplomlarni tan olish jarayonlari hamda Germaniyadagi mehnat muhitiga moslashuvini taʼminlaydi.

Loyihaning dastlabki bosqichida mehmonxona va restoran biznesi, tibbiy parvarish (Pflege) hamda kadrlarga ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalarga alohida eʼtibor qaratiladi.

Bu tashabbus nafaqat o‘zbekistonlik mutaxassislar uchun Yevropa mamlakatlarida qonuniy va munosib mehnat qilish imkoniyatlarini kengaytirishi, balki kadrlar tayyorlash, til taʼlimi va rekruting xizmatlari bilan shug‘ullanuvchi mahalliy tadbirkorlar uchun ham yangi biznes imkoniyatlarini yaratishi kutilmoqda.

UzDaily · 👁 28 views · 23.06.2026 · 15:35