Oʻzbekiston va Braziliya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Braziliya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda

Oʻzbekiston va Braziliya savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 12-may kuni ISSV rahbari Laziz Kudratov hamda Braziliya Tashqi ishlar vaziri Mauro Vieyra boshchiligidagi delegatsiya o‘rtasida uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Muloqot chog‘ida savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish hamda yangi qo‘shma loyihalarni hayotga tatbiq etishga alohida e’tibor qaratildi.

2025-yil yakunlariga ko‘ra o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi qariyb 300 million dollarni tashkil etgan bo‘lsa-da, tomonlar qishloq xo‘jaligi, energetika, aviatsiya va farmatsevtika yo‘nalishlarida o‘sish uchun ulkan imkoniyatlar mavjudligini ta’kidladilar. Hukumatlararo komissiyaning ilk yig‘ilishi va C5+1 shaklidagi hamkorlik aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Braziliya O‘zbekistonning Jahon savdo tashkilotiga a’zo bo‘lish jarayonini faol qo‘llab-quvvatlayotgani hamkorlikning muhim yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Mazkur uchrashuv har ikki davlatning o‘zaro sheriklikni sifat jihatidan yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha amaliy tashabbuslarni amalga oshirishga tayyorligini ko‘rsatdi.

Tashrif doirasida Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida ikki davlatning 50 dan ortiq tadbirkorlari ishtirokida B2B formatidagi uchrashuvlar tashkil etildi.

Ochiq muloqot davomida ishbilarmon doira vakillari istiqbolli loyihalarni muhokama qilib, investitsiyaviy tashabbuslarni amalga oshirish bo‘yicha aniq rejalar belgilab oldilar hamda qo‘shma ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish yuzasidan qator kelishuvlarga erishdilar.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling