Oʻzbekiston va BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va BMT Giyohvand moddalar va jinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytirish masalalarini muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand shahrida “Jamoat salomatligi va xavfsizligini taʼminlash maqsadida transmilliy narkotahdidlarga qarshi kurashish” mavzusidagi global forumi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vaziri general-leytenant Aziz Tashpulatovning BMTning Giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi (UNODC) Ijrochi direktorining o‘rinbosari janob Bo Matiasen bilan rasmiy uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Tadbir davomida tomonlar huquqni muhofaza qilish sohasidagi hamkorlikni yana-da rivojlantirish, giyohvand moddalarning noqonuniy aylanmasiga qarshi kurashish, transmilliy uyushgan jinoyatchilikka qarshi samarali choralarni kuchaytirish hamda bu borada xalqaro tajriba almashinuvini takomillashtirish masalalarini muhokama qildilar.
Bo Matiasen BMT giyohvand moddalar va jinoyatchilik bo‘yicha boshqarmasi tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro tashabbuslar haqida maʼlumot berib, O‘zbekiston bilan hamkorlikni yana-da mustahkamlashga tayyor ekanini bildirdi. U, shuningdek, mintaqaviy xavfsizlikni taʼminlash va narkojinoyatlarning oldini olish borasidagi hamkorlikdagi loyihalarning ahamiyatini taʼkidladi.
O‘z navbatida Ichki ishlar vaziri mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar haqida so‘z yuritib, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni yana-da kengaytirish muhimligini qayd etdi.
Konstruktiv va do‘stona ruhda o‘tgan uchrashuv yakunida ikki tomon ham o‘zaro manfaatli hamkorlikni davom ettirish va yangi qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishga kelishib oldilar.