Oʻzbekiston va Belarus Ichki ishlar vazirliklari korrupsiyaga qarshi kurashni muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Belarus Ichki ishlar vazirliklari korrupsiyaga qarshi kurashni muhokama qilishdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Belarus Respublikasi Ichki ishlar vazirligi delegatsiyasi mamlakatimizga tashrif buyurdi. Soʻnggi yillarda ikki mamlakat huquqni muhofaza qilish organlari oʻrtasidagi oʻzaro hamkorlik mustahkam tarzda olib borilmoqda.
Navbatdagi tashrif ham mazkur aloqalarni istiqbolli davom ettirishga xizmat qilishi koʻzda tutilgan.
Dastlab, delegatsiya rahbari Belarus Respublikasi IIV Shaxsiy xavfsizlik bosh boshqarmasi boshligʻi polkovnik Oleg Laren hamda Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining komplayens va korrupsiyaga qarshi ichki nazorat boʻyicha oʻrinbosari polkovnik Rustam Mirzayev oʻrtasida uchrashuv boʻlib oʻtdi.
Tadbir jarayonida tomonlar hamkorlik aloqalarini rivojlantirishdan oʻzaro manfaatdor ekanliklarini taʼkidlagan holda, amaliy hamkorlikning dolzarb yoʻnalishlari, xodimlar malakasini oshirish, korrupsion jinoyatlarga qarshi kurashish, oʻzaro tajriba almashish borasidagi masalalarni muhokama qildilar.
Doʻstona va konstruktiv ruhda oʻtgan uchrashuv yakunida tomonlar oʻrtasidagi aloqalarni mustahkamlash borasida istiqbolli vazifalar belgilab olindi.
Shuningdek, tashrif ishtirokchilariga Toshkent shahar IIBBga tashrif buyurib, bu yerda tashkil etilgan vaziyatlar markazi, tizimni raqamlashtirishda erishilgan yutuqlar bilan tanishdilar, mehmonlarga poytaxt hududida xavfsiz turizmni taʼminlashda yoʻlga qoʻyilgan xizmat faoliyati namoyish etildi.