O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Oʻzbekiston va Adani Group gidroenergetika loyihalarini muhokama qilishdi

UzDaily tahririyati · 10.08.2026 · 12:15 · 29 views
Oʻzbekiston va Adani Group gidroenergetika loyihalarini muhokama qilishdi
Oʻzbekiston va Adani Group gidroenergetika loyihalarini muhokama qilishdi / Foto: "O`ZBEKGIDROENERGO" AJ.

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Hindistonning Ahmadabod shahrida 🇺🇿 O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida istiqbolli loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha mamlakatning yirik korporatsiyalaridan biri – “Adani Group” bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga qaratilgan yuqori darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov boshchiligidagi delegatsiya tarkibida “O‘zbekgidroenergo” AJ Boshqaruvi raisining birinchi o‘rinbosari Azimjon Axmadjanov muzokaralarda faol ishtirok etdi.

Muloqotlar davomida “Adani Group” asoschisi, janob Gautam Adani O‘zbekistonda gidroenergetika sohasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar, tarmoqning investitsion salohiyati hamda xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan qulay shart-sharoitlarni yuqori baholadi. Tomonlar, xususan, sohada zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, yangi energetika obyektlarini barpo etish va o‘zaro manfaatli investitsion loyihalarni amalga oshirish masalalarini muhokama qildilar.

O‘z navbatida, Gautam Adani O‘zbekistonda yangi GESlar va gidroto‘plash elektr stansiyalarini (GTES) barpo etishga qaratilgan istiqbolli loyihalarga investitsiya kiritishga korporatsiyaning katta qiziqishi borligini bildirdi. Ushbu yo‘nalish O‘zbekistonning “yashil” energetika salohiyatini kengaytirish, energetika tizimining barqarorligini taʼminlash hamda qayta tiklanuvchi energiya manbalaridan samarali foydalanishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Muzokaralar yakunida tomonlar mustahkam loyihaviy hamkorlik mexanizmlarini shakllantirish, istiqbolli investitsion tashabbuslarni birgalikda ishlab chiqish va ularni amalga oshirish bo‘yicha o‘zaro hamkorlikni izchil davom ettirishga kelishib oldilar.

Ushbu muloqot O‘zbekiston gidroenergetikasiga xalqaro investitsiyalarni jalb etish, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv tajribasini tatbiq etish yo‘lidagi muhim qadamlardan biri bo‘ldi.