Oʻzbekiston Rothschild & Co. bilan hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekiston Rothschild & Co. bilan hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 16-iyun kuni O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov “Rothschild & Co” kompaniyasining Kuzatuv kengashi a’zosi Ariyel Malard de Rotshild boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
“Rothschild & Co” xalqaro miqyosda yetakchi moliyaviy maslahat va investitsiya xizmatlarini ko‘rsatuvchi kompaniya bo‘lib, 200 yildan ortiq tarixga ega. Kompaniya strategik moliyaviy maslahatlar, qo‘shilish va sotib olish bitimlari, xususiylashtirish jarayonlari, kapital bozorlariga chiqish, aktivlarni boshqarish hamda davlat va xususiy sektor uchun kompleks moliyaviy yechimlar taqdim etishga ixtisoslashgan.
“Rothschild & Co” delegatsiyasi tarkibida MDH mintaqasi bo‘yicha boshqaruvchi direktor Oleg Pushkaryov hamda kompaniyaning MDH mintaqasi bo‘yicha vitse-prezidenti Farhad Babayev ishtirok etdi. O‘zbekiston tomonidan Iqtisodiyot va moliya vaziri o‘rinbosari Xurshed Mustafayev, “UzAssets” AJ boshqaruvi raisi Bobur Abdinazarov hamda boshqa mas’ul vakillar uchrashuvda ishtirok etdi.
Uchrashuv davomida davlat ishtirokidagi korxonalarni transformatsiya qilish, korporativ boshqaruv tizimini takomillashtirish, davlat aktivlarini boshqarish samaradorligini oshirish hamda xalqaro investitsiya hamjamiyati bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar konstruktiv muloqotni davom ettirish hamda ustuvor yo‘nalishlarda o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdan manfaatdor ekanliklarini bildirdilar.