Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikni muhokama qildi
Oʻzbekiston Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorlikni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Istanbulda Parlamentlararo ittifoqning 152-assambleyasi doirasida Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Parlamentlararo ittifoqning prezidenti Tuliya Ekson va Bosh kotibi Martin Chungong bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuvlarda Parlamentlararo ittifoqning parlamentlararo hamkorlikni rivojlantirish, demokratik qadriyatlarni ilgari surish va barqaror rivojlanishga ko‘maklashish borasidagi muhim o‘rni qayd etildi. O‘zbekistonning Parlamentlararo ittifoq bilan hamkorligi jadal rivojlanib, sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgani taʼkidlandi. Toshkentda o‘tkazilgan 150-yubiley assambleya yuqori baholandi.
Joriy yilda Parlamentlararo ittifoq rahbariyatining vakolatlari tugashi munosabati bilan tomonlar birgalikdagi ishlar yakunlarini sarhisob qildilar va so‘nggi yillarda parlament hamkorligining asosiy yo‘nalishlari bo‘yicha natijalarni muhokama qildilar.
Suhbatdoshlar amalga oshirilayotgan islohotlar va tashabbuslar tufayli O‘zbekiston parlamenti xalqaro hamjamiyatda o‘z obro‘si va mavqeini sezilarli darajada mustahkamlaganini taʼkidladi.
Parlamentlararo ittifoq rahbariyati baholaganidek, O‘zbekistonda o‘tkazilayotgan xalqaro parlament tadbirlari, xususan, Toshkentdagi 150-assambleya namunali bo‘lib, yuqori tashkiliy standartlarni belgilab berdi.
Tomonlar joriy yilning 4–6-sentabr kunlari Samarqand shahrida o‘tkaziladigan Yosh parlament aʼzolarining 12-global konferensiyasiga tayyorgarlik ishlariga alohida eʼtibor qaratdilar. Ushbu anjuman Parlamentlararo ittifoqning har tomonlama ko‘magida yuqori saviyada o‘tishiga ishonch bildirildi.
Muzokaralar yakunida parlament diplomatiyasini mustahkamlash borasidagi hamkorlikni yanada kengaytirish va qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.