Oʻzbekiston kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytiradi

Oʻzbekiston kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytiradi

Oʻzbekiston kiberjinoyatchilikka qarshi kurashni kuchaytiradi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Majlisda ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — axborot texnologiyalaridan foydalanib sodir etiladigan huquqbuzarliklarga qarshi kurashishni kuchaytirishga qaratilgan qonun loyihasi bo‘ldi.

Keskin o‘sib borayotgan kiberjinoyatlarga qarshi kurashish, bu bilan shaxs, jamiyat va davlat manfaatlarini ishonchli himoya qilish mexanizmlarini takomillashtirish zarurati ortib bormoqda.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, keyingi yillarda bank kartalari orqali mablag‘larni talon-toroj qilish, onlayn firibgarlik bilan bog‘liq holatlar ko‘paymoqda. Bu esa mazkur turdagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashishning samarali kompleks huquqiy mexanizmlarini shakllantirishni taqozo etmoqda.

Qonun loyihasida kiberjinoyatlarga qarshi kurashish faoliyatida ishtirok etuvchi davlat organlari va tashkilotlarning vakolatlari aniq belgilab berilmoqda. Jumladan, Ichki ishlar vazirligi ushbu yo‘nalishda vakolatli organ sifatida belgilanyapti.

Davlat organlari, banklar, to‘lov tashkilotlari hamda Internet-provayderlarining mas’uliyati oshirilmoqda. Axborot xavfsizligini ta’minlash, shubhali moliyaviy operatsiyalarni muntazam monitoring qilish va vakolatli organlarga tezkor axborot taqdim etish kabi vazifalar shular jumlasidan.

Kiberjinoyatlardan jabrlangan shaxslarni reabilitatsiya qilish instituti joriy etilyapti. Hujjat jabrlanganlarga huquqiy maslahat berish, ularning qonuniy manfaatlarini tiklash, psixologik va tibbiy yordam ko‘rsatish hamda moliyaviy va raqamli savodxonligini oshirish kabi maqsadlarni ko‘zlagani bilan muhim ahamiyatga ega.

Javlon ABDULLAYEV, Innovatsion rivojlanish va axborot texnologiyalari masalalari qo‘mitasi raisi o‘rinbosari: Loyiha doirasida kiberjinoyatlarni barvaqt aniqlash va ularning oldini olishga qaratilgan yangi mexanizmlar ham joriy etilmoqda. Xususan, shubhali tranzaksiyalarni monitoring qilish orqali ularni tezkor to‘xtatish, salbiy omillarni bartaraf etish bo‘yicha taqdimnomalar kiritish hamda aholi o‘rtasida tushuntirish ishlarini kuchaytirish ko‘zda tutilgan.

Majlisda ta’kidlanganidek, alohida e’tibor “moliyaviy piramida” ko‘rinishidagi firibgarlik sxemalariga qarshi kurashishga qaratilmoqda. Bunday noqonuniy faoliyatlarni barvaqt aniqlash va ularga chek qo‘yish bo‘yicha samarali mexanizmlar joriy etilmoqda.

Bundan tashqari, sohada kadrlar tayyorlash, ularning malakasini oshirish va qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, xalqaro hamkorlikni rivojlantirishning huquqiy asoslarini mustahkamlash masalalari ham qamrab olingan.

Qonun loyihasi yuzasidan aniqlashtiruvchi savollar ko‘tarildi, fikr-mulohazalar bildirildi. Muhokamalar yakuniga ko‘ra, qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling