Oʻzbekiston ICAO yigʻilishida aviatsiya islohotlarini taqdim etdi
Oʻzbekiston ICAO yigʻilishida aviatsiya islohotlarini taqdim etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — IСAOning Yevropa va Shimoliy Atlantika mintaqasi davlatlari aviatsiya ma’muriyatlari rahbarlari yig‘ilishining ikkinchi ish kunida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi mamlakatimizda fuqaro aviatsiyasini rivojlantirish, IСAO standartlarini joriy etish, shuningdek, xalqaro tashkilotlar bilan hamkorlikni mustahkamlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar to‘g‘risida ma’lumot berdi.
Taqdimotda O‘zbekiston aviatsiya sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar natijalari, ICAO standartlariga muvofiq milliy qonunchilikni takomillashtirish chora-tadbirlari, shuningdek, parvozlar xavfsizligini ta’minlash, aviatsiya xavfsizligi va fuqaro aviatsiyasini davlat tomonidan tartibga solish tizimini rivojlantirish sohasida erishilgan yutuqlar haqida so‘z yuritildi.
Tadbirda IСAO Bosh kotibi Xuan Karlos Salasar ishtirok etib, O‘zbekiston Respublikasi va IСAO o‘rtasidagi hamkorlik darajasini yuqori baholadi, mamlakatning xalqaro standartlarni joriy etish va milliy fuqaro aviatsiyasi tizimini rivojlantirish borasidagi sezilarli yutuqlarini qayd etdi.
Bundan tashqari, yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi va IСAO o‘rtasidagi hamkorlik to‘g‘risidagi bitimning amalga oshirilishi haqida ma’lumot berildi. Bitimda ko‘zda tutilgan tadbirlarning amalga oshirilishi mamlakat aviatsiya tarmog‘ini yanada rivojlantirish, davlat tomonidan tartibga solish samaradorligini oshirish va kadrlar salohiyatini mustahkamlashga xizmat qilishi ta’kidlandi.
O‘zbekiston delegatsiyasining ushbu tadbirda ishtirok etishi mamlakatning fuqaro aviatsiyasi sohasidagi xalqaro majburiyatlarga sodiqligi va sohani eng yaxshi jahon amaliyoti va IСAO standartlariga muvofiq yanada rivojlantirishga intilishining yana bir tasdig‘i bo‘ldi.