Oʻzbekiston – Chexiya munosabatlari yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi

Oʻzbekiston – Chexiya munosabatlari yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi

Oʻzbekiston – Chexiya munosabatlari yangi taraqqiyot bosqichiga koʻtarildi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Koʻksaroy qarorgohida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev va Chexiya Respublikasi Bosh vaziri Andrey Babishning tor doirada va ikki mamlakat delegatsiyalari ishtirokida muzokaralari boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekiston bilan Chexiya oʻrtasidagi amaliy hamkorlikning joriy holati va uni yanada rivojlantirish istiqbollari muhokama qilindi.

Uchrashuv avvalida mamlakatimiz yetakchisi ushbu tashrif Oʻzbekiston – Chexiya munosabatlari tarixida sifat jihatidan yangi bosqichni boshlab berishini alohida taʼkidladi.

Barcha sohalarda hamkorlik jadal rivojlanib borayotgani mamnuniyat bilan qayd etildi. Hukumatlar, vazirliklar va idoralar darajasida yaqin aloqalar oʻrnatildi, ishbilarmonlik va gumanitar almashinuvlar faollashdi.

Parlamentlarda “Doʻstlik guruhlari” tashkil etilgan. Hukumatlararo komissiya samarali ishlamoqda.

Keyingi yillarda tovar ayirboshlash qariyb ikki barobarga oshdi. Mamlakatimizda Chexiya kapitali ishtirokida 37 ta qoʻshma korxona muvaffaqiyatli faoliyat yuritmoqda. Bir qator yangi kooperatsiya yoʻnalishlari boʻyicha ish olib borilmoqda.

Oʻzaro savdo hajmini oshirishga alohida eʼtibor qaratildi. Tovar ayirboshlashni, shu jumladan, mahsulot turlarini kengaytirish orqali 1 milliard dollarga yetkazish vazifasi qoʻyildi.

Birgalikdagi savdoni ragʻbatlantirish maqsadida Chexiyada Oʻzbekistonning birinchi sertifikatlash filiali tashkil etilmoqda. Chexiyalik hamkorlar bilan “Yevro-6” standartidagi avtomobillarni sertifikatlash va kvant etaloni boʻyicha zamonaviy laboratoriya qurilmoqda.

Chexiyaning yetakchi kompaniyalari bilan mashinasozlik, “yashil” energiya, geologiya va muhim xomashyo, kimyo, farmatsevtika hamda boshqa sohalarda loyihalarni amalga oshirishni oʻz ichiga olgan Texnologik hamkorlik dasturini ishlab chiqish boʻyicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, infratuzilmani rivojlantirish va “aqlli” shaharlar yaratish, muhandislik ishi va raqamlashtirish sohalarida kooperatsiya uchun mavjud istiqbollar qayd etildi.

Xususan, kuni kecha boʻlib oʻtgan Oʻzbekiston – Chexiya biznes forumida eʼlon qilingan loyihaviy tashabbuslar qoʻllab-quvvatlandi.

Tomonlar Eksport kreditlarini sugʻurtalash agentligi va Chexiya Eksport bankining Oʻzbekistonda loyihalarni amalga oshirishni qoʻllab-quvvatlash niyatini olqishladilar.

Iqtisodiy kun tartibidagi barcha masalalarni ilgari surish uchun Ishbilarmonlar kengashini tuzish va Hukumatlararo komissiyaning keyingi yigʻilishini shu yil avgust oyida Toshkentda oʻtkazish taklif qilindi.

Madaniy-gumanitar sohada, shu jumladan, qoʻshma diplom dasturlari doirasida taʼlim va akademik almashinuvni kengaytirishdan ikki tomon ham manfaatdor ekani tasdiqlandi.

Oʻzaro madaniyat va kino kunlari, koʻrgazma va konsertlarni muntazam ravishda oʻtkazish, shuningdek, mamlakatlar oʻrtasida sayyohlar oqimini koʻpaytirish muhimligi taʼkidlandi.

Shu maqsadda ikki mamlakat poytaxtlari oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviareysni qayta tiklash masalasi koʻrib chiqiladi.

Tartibli mehnat migratsiyasi sohasidagi hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

Xalqaro kun tartibi yuzasidan ham fikr almashildi.

Yakunda qabul qilingan qarorlarni oʻz vaqtida amalga oshirish boʻyicha qoʻshma “yoʻl xaritasi”ni ishlab chiqishga kelishib olindi.

#Shavkat Mirziyoyev  

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling