Oʻzbekiston bir qator oʻzlashtirilgan atamalarni almashtirishni taklif qilmoqda
Oʻzbekiston bir qator oʻzlashtirilgan atamalarni almashtirishni taklif qilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi 9-iyun kuni boʻlib oʻtgan yalpi majlisida qonun hujjatlaridagi bir qator xorijiy atamalarni oʻzbek ekvivalentlari bilan almashtirishni nazarda tutuvchi qonun loyihasini birinchi oʻqishda maʼqulladi.
Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda norma ijodkorligi faoliyatini yanada takomillashtirish hamda qonunchilik hujjatlarini sodda va tushunarli tilda tayyorlashga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu bilan birga, bu jarayonlarning huquqiy asoslarini mustahkamlash ham dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Ushbu qonun loyihasida qonunchilik hujjatlarida foydalanilgan ayrim tushuncha va yuridik atamalarni yagona shaklda qo‘llash va ularning yuridik-texnik jihatdan to‘g‘ri bayon etilishini ta’minlashni nazarda tutuvchi o‘zgartirishlarni kiritish taklif etilmoqda.
Xususan, “avans” so‘zini “bo‘nak”, “markirovka”ni “tamg‘alash”, “marshrut”ni “yo‘nalish”, “svetofor”ni “yo‘lchiroq”, “kovorking”ni “ish markazi”, “parol”ni “o‘ron”, “progressiv” so‘zini esa “ilg‘or” deb o‘zgartirish nazarda tutilyapti.
Majlisda qayd etilganidek, qonun loyihasining qabul qilinishi qonun hujjatlaridagi tushuncha va yuridik atamalarning qo‘llanilishidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, ularni birxillashtirishga xizmat qiladi.
Muhokamalardan so‘ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan birinchi o‘qishdaqabul qilindi.