O‘zbekiston

Mirziyoyev va Iordaniya qiroli hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilishdi

Mirziyoyev va Iordaniya qiroli hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilishdi
Mirziyoyev va Iordaniya qiroli hamkorlikni rivojlantirishni muhokama qilishdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Iordaniya Podshohi Abdulla II ibn al-Husayn bilan telefon orqali suhbatlashdi.

Iordaniya Podshohi davlatimiz rahbarini tugʻilgan kuni bilan samimiy muborakbod etib, mustahkam sogʻliq, baxt-saodat, doʻst Oʻzbekiston xalqiga tinchlik-omonlik va farovonlik tiladi.

Muloqot davomida Samarqandda oʻtgan sermahsul muzokaralar va erishilgan muhim kelishuvlar aloqalarimizda yangi sahifa ochgani alohida qayd etildi.

Mamlakatlarimiz oʻrtasida parlamentlararo, ishbilarmonlik va madaniy-gumanitar almashinuvlar kengayib borayotgani mamnuniyat bilan taʼkidlandi.

Yetakchilar siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy aloqalarni yanada chuqurlashtirish hamda oliy darajadagi boʻlajak tadbirlarga puxta tayyorgarlik koʻrish muhimligiga urgʻu berishdi.

Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.

Dilafro'z Niyazova
Dilafro'z Niyazova

Dilafruz Niyazova 2025-yildan buyon UzDaily jamoasida faoliyat yuritib, nashrning o'zbek tilidagi versiyasi uchun mas'uldir.