Mirziyoyev Sergeli hokimligining raqamli yechimlarini ko'rib chiqdi
Mirziyoyev Sergeli hokimligining raqamli yechimlarini ko'rib chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev Sergeli tumani hokimligiga tashrif buyurdi.
Davlatimiz rahbariga dastlab hokimlik binosida tuman idoralarining “yagona darcha” tamoyili asosida tashkil etilgan faoliyati haqida maʼlumot berildi. Tuman hokimligi binosida hokimlikdan tashqari yana 5 ta tashkilot faoliyat yuritib, ular tomonidan aholi va tadbirkorlarga 30 dan ortiq turdagi davlat xizmatlari koʻrsatib kelinmoqda.
Xususan, Ichki ishlar vazirligiga onlayn murojaat qilish qurilmasi aholi uchun ancha yengilliklar yaratadi. Ushbu tizimdan murojaat yoʻllanganda navbatchi inspektor videoaloqa orqali murojaat qiluvchi bilan bog‘lanadi. Murojaat avtomatik roʻyxatga olinadi. Murojaatchi ish natijasi, inspektor muomalasi, harakati haqida oʻzining bahosini qoʻyadi.
Davlatimiz rahbari bunday “aqlli” qurilmalarni aholi gavjum joylar, bozor va boshqa obyektlarga koʻproq oʻrnatish boʻyicha topshiriq berdi.
Hokimlikda vaziyatlar markazi tashkil etilgan. Sunʼiy intellekt asosida tahlil qilish, muammolarni tezkor aniqlash va hal etish boʻyicha “Aqlli tuman” platformasi ishga tushirilgan. Vaziyatlar markazida 17 ta axborot tizimi oʻzaro bogʻlangani aholi bilan ishlashni yangi bosqichga olib chiqadi.
Bu yerda ijtimoiy va kommunal muammolar monitoring qilinadi, aholi murojaatlarining ijrosi nazoratga olinadi, favqulodda holatlarda tegishli xizmatlar faoliyati tezkor boshqariladi va muvofiqlashtiriladi.
Vaziyatlar markazini ishga tushirish doirasida tumanning 46 mahallasi bilan videokonferensaloqa yoʻlga qoʻyilgan va markaz bilan integratsiya qilingan. Shuningdek, tumandagi 25 maktab vaziyatlar markaziga integratsiya qilinmoqda.
Platforma tarkibidagi “Xavfsiz tuman” tizimi huquqbuzarliklarni monitoring qilish va jamoat xavfsizligini taʼminlashga xizmat qiladi.
Tadbirkorlik subyektlarining raqamli xaritasi sunʼiy intellekt tahlili asosida soliq tushumlarini prognoz qilish va ularning yigʻiluvchanligini taʼminlashga qaratilgan. “AI Davomat” tizimi esa maktablarda sababsiz dars qoldirish holatlarini bartaraf etish, voyaga yetmaganlar oʻrtasida nazoratsizlikning oldini olishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Prezidentimiz vaziyatlar markazi faoliyati bilan tanishib, ushbu yangi tizimni poytaxtning qolgan tumanlarida ham joriy etishga topshiriq berdi. Shu yerning o‘zida Toshkent shahrida ta’lim tizimi, qurilish sohasini raqamlashtirish, yashirin iqtisodiyotni qisqartirish va soliqlarning yig‘iluvchanligini oshirish, jamoat xavfsizligi ta’minlash bo‘yicha mutasaddilarning hisobotlari eshitildi.