Minskda Oʻzbekiston va Belarus mintaqalari forumi boʻlib oʻtdi
Minskda Oʻzbekiston va Belarus mintaqalari forumi boʻlib oʻtdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yil 8-iyul kuni Minsk shahrida Oʻzbekiston va Belarusning III Hududlar forumi “Hududlar hamkorligi – iqtisodiy hamkorlik drayveri” mavzusida boʻlib oʻtdi.
Forumning yalpi majlisida ikki mamlakat Bosh vazirlari oʻrinbosarlari Yuriy Shuleyko va Jamshid Xoʻjayev, shuningdek hukumatlar, hududiy maʼmuriyatlar, tegishli vazirlik va idoralar hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdi.
Nutqlar davomida Belarus Oʻzbekistonning asosiy strategik hamkorlaridan biri ekani, ikki tomonlama munosabatlar esa tobora amaliy mazmun kasb etayotgani taʼkidlandi.
Hududlar oʻrtasidagi toʻgʻridan-toʻgʻri aloqalarni rivojlantirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qoʻshma ishlab chiqarishlarni yoʻlga qoʻyish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻzbekiston va Belarus iqtisodiyotlari bir-birini oʻzaro toʻldirishi, mahsulotlarni mahalliylashtirish, qoʻshilgan qiymat zanjirlarini shakllantirish hamda uchinchi davlatlar bozorlariga chiqish uchun yangi imkoniyatlar yaratishi qayd etildi.
Forum doirasida hududlararo hujjatlar, investitsiyaviy va savdo bitimlarini imzolash marosimi boʻlib oʻtdi. Shuningdek, tadbir dasturidan sanoat, qishloq xoʻjaligi, yogʻochni qayta ishlash, mebel ishlab chiqarish hamda ijtimoiy-gumanitar hamkorlik yoʻnalishlariga bagʻishlangan mavzuli sessiyalar oʻrin oldi.