Andijon aeroporti birinchi marta keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini kutib oldi
Andijon aeroporti birinchi marta keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini kutib oldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon xalqaro aeroporti Madina – Andijon yo‘nalishi bo‘yicha “Flyadeal” aviakompaniyasining ilk muntazam reysini qabul qildi. Parvozlar haftasiga bir marta — juma kunlari amalga oshiriladi.
Ushbu reys birdaniga ikki jihatdan tarixiy voqea bo‘ldi: “Flyadeal” aviakompaniyasi ilk bor Andijonga muntazam qatnovlarni yo‘lga qo‘ydi, aeroport esa o‘z faoliyati tarixida birinchi marta keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyotini qabul qildi.
3-iyul kuni Toshkent vaqti bilan soat 16:40 da Madinadan uchib kelgan Airbus A330-300 (UK33031 bort raqami) Andijon xalqaro aeroportiga qo‘ndi. Samolyot bortida 354 nafar yo‘lovchi bo‘lgan. Ilk reys an’anaga ko’ra suv arkasi bilan kutib olindi.
“Flyadeal aviakompaniyasi reyslarining yo‘lga qo‘yilishi mahalliy aholi uchun yangi imkoniyatlarni yaratadi hamda O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi havo qatnovlarini yanada rivojlantirishga xizmat qiladi. Ayniqsa, ushbu reys Andijon aeroporti tarixida ilk bor keng fyuzelyajli Airbus A330 samolyoti qabul qilingani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu aeroportimiz tarixidagi muhim voqeadir”, — dedi Andijon xalqaro aeroporti direktori Sohibjon Kenjayev.
Bugungi kunda Andijon aeroportidan Rossiya, Turkiya va Saudiya Arabistonining yirik shaharlariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri aviaqatnovlar yo‘lga qo‘yilgan. Eslatib o‘tamiz, Andijon aeroporti 2025-yil 20-mart kuni keng ko‘lamli rekonstruksiyadan so‘ng qayta foydalanishga topshirilgan. Modernizatsiya jarayonida aerodrom majmuasi to‘liq yangilanib, uchish-qo‘nish yo‘lagi, yurish yo‘laklari, perron hamda havo kemalari to‘xtash joylari rekonstruksiya qilindi. Bu esa aeroportga keng fyuzelyajli samolyotlarni qabul qilish imkonini berdi.