Indoneziya parlamenti delegatsiyasi Buxoro va Samarqandga tashrif buyurdi
Indoneziya parlamenti delegatsiyasi Buxoro va Samarqandga tashrif buyurdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Indoneziya Respublikasi Xalq maslahati kengashi Raisi Ahmad Muzani boshchiligidagi parlament delegatsiyasi mamlakatimizda rasmiy tashrif bilan bo‘lib turibdi.
Tashrif doirasida mehmonlar Buxoro va Samarqand shaharlaridagi tarixiy-madaniy obidalar hamda muqaddas qadamjolarni ziyorat qildi.
Buxoroda delegatsiya Bahouddin Naqshband majmuasi, Poyi Kalon majmuasi, Labi Hovuz ansambli va qadimiy hunarmandchilik rastalari bilan tanishdi. Mehmonlarga ushbu tarixiy obidalar, ularni asrab-avaylash va qayta tiklash bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar, shuningdek, milliy hunarmandchilik an’analari haqida ma’lumot berildi.
Ahmad Muzani Buxoroning boy tarixiy-madaniy merosi, me’moriy yodgorliklari asl qiyofasida saqlab qolinganini yuqori baholab, shaharning jahon sivilizatsiyasi rivojiga qo‘shgan hissasini alohida e’tirof etdi.
Delegatsiya Samarqand shahridagi tarixiy va madaniy meros obyektlari bilan ham tanishdi. Mehmonlar mamlakatimizda tarixiy obidalarni asrab-avaylash, milliy merosni keng targ‘ib etish va turizmni rivojlantirish borasida amalga oshirilayotgan ishlarga yuqori baho berdi.
Shuningdek, mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markaziga tashrif buyurib, markaz faoliyati bilan tanishdi hamda viloyat diniy ulamolari bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda ma’naviy-ma’rifiy hamkorlik va bag‘rikenglik g‘oyalarini targ‘ib etish masalalari muhokama qilindi.