Minskda O‘zbekiston Savdo uyi rasman ochildi
Minskda O‘zbekiston Savdo uyi rasman ochildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — 8 iyul kuni Minsk shahrida O‘zbekiston Savdo uyining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Mazkur tadbir O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Belarus Respublikasiga rasmiy tashrifi doirasida O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi hamda Belarus Savdo-sanoat palatasi hamkorligida tashkil etildi.
O‘zbekiston Savdo uyi Belarus Respublikasi, Minsk shahri, G‘oliblar prospekti, 63V manzilida joylashgan bo‘lib, umumiy maydoni 261,3 kv.mni tashkil etadi. Bu yerda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan mahsulotlar doimiy ravishda namoyish etiladi va Belarus bozoriga ulgurji narxlarda taklif etiladi.
Tantanali marosimda O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Jamshid Xodjayev, Belarus Respublikasi Bosh vazirining o‘rinbosari Yuriy Shuleyko, O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi raisi Davron Vaxabov hamda Belarus Savdo-sanoat palatasi raisi Mixail Myatlikov ishtirok etdi.
Marosimda so‘zga chiqqan Davron Vaxabov Savdo uyida O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan elektrotexnika, uy-ro‘zg‘or buyumlari, to‘qimachilik va boshqa eksportbop mahsulotlar namoyish etilayotganini taʼkidladi. Shuningdek, u ikki mamlakat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 1 milliard AQSH dollariga yaqinlashganini, davlat rahbarlari esa bu ko‘rsatkichni 2 milliard AQSH dollariga yetkazish vazifasini belgilaganini qayd etdi.
Yangi Savdo uyi milliy mahsulotlarni Belarus bozorida keng targ‘ib qilish, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi savdo imkoniyatlarini yaratish, tadbirkorlar o‘rtasida to‘g‘ridan-to‘g‘ri hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘yish hamda qo‘shma investitsiya va ishlab chiqarish loyihalarini amalga oshirishga xizmat qiladi.
Savdo uyining ochilishi O‘zbekiston va Belarus Savdo-sanoat palatalari o‘rtasidagi izchil hamkorlikning amaliy natijasi bo‘ldi. Xususan, 2026 yil fevral oyida Belarus hukumat delegatsiyasining O‘zbekistonga rasmiy tashrifi doirasida qariyb $110 millionlik shartnoma va kelishuvlar imzolangan edi.