Michigan universiteti Farg'onadagi universitet bilan hamkorlik qildi
Michigan universiteti Farg'onadagi universitet bilan hamkorlik qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti xalqaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirib, dunyoning eng nufuzli oliy ta’lim muassasalaridan biri — University of Michigan bilan strategik hamkorlik memorandumini imzoladi.
2026-yil 23-may – 3-iyun kunlari AQSHga amalga oshirilgan xizmat safari davomida erishilgan ushbu kelishuv nafaqat institut, balki butun Farg‘ona vodiysi va mamlakatimiz tibbiy ta’lim tizimi uchun muhim tarixiy qadam bo‘ldi.
Endilikda institut professor-o‘qituvchilari, shifokorlari, yosh olimlari va talabalari Michigan universitetining maxsus grant dasturlari orqali AQSHda 2–3 oylik ilmiy stajirovkalarda qatnashish imkoniyatiga ega bo‘ladilar. Eng e’tiborlisi, stajirovka ishtirokchilarining xalqaro aviachiptalari, yashash xarajatlari, turar joy, tibbiy sug‘urta va stipendiyalari Michigan universiteti grant mablag‘lari hisobidan to‘liq qoplanadi.
Hamkorlik doirasida dunyoga mashhur mutaxassislar — Khaled Samir Hafez va Brent Benson Ward Farg‘onaga tashrif buyurib, ilk bor urologik onkologiya hamda og‘iz-jag‘ va yuz-jag‘ jarrohligi yo‘nalishlarida mahorat darslari, klinik treninglar va murakkab jarrohlik amaliyotlarini tashkil etishlari rejalashtirilgan.
Institutda AQSH tibbiy ta’limining eng muhim standartlaridan biri bo‘lgan USMLE tizimi elementlarini bosqichma-bosqich joriy etish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Bu esa talabalarni ilk kurslardan boshlab klinik fikrlash, diagnostik qaror qabul qilish va amaliy ko‘nikmalarni rivojlantirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, tibbiyotda sun’iy intellekt, katta ma’lumotlar tahlili va sog‘liqni saqlashni boshqarish yo‘nalishlarida xalqaro grantlar asosida malaka oshirish kurslari ham yo‘lga qo‘yiladi.
Bugun Farg‘ona jamoat salomatligi tibbiyot instituti dunyoning eng ilg‘or universitetlari bilan teng sheriklik asosida hamkorlik qilayotgan, xalqaro grantlar, innovatsion ta’lim va zamonaviy tibbiyot markaziga aylanib bormoqda.
Bu hamkorlik Farg‘ona viloyatining ilm-fan va tibbiyot sohasidagi nufuzini yanada yuksaltirib, xalqaro maydonda yangi imkoniyatlar eshigini ochadi.