Muruntov konida YTHda ikki xodim halok bo‘ldi
Muruntov konida YTHda ikki xodim halok bo‘ldi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Navoiy viloyatidagi “Muruntov” konida BelAZ karer avtosamosvali ishtirokida sodir bo‘lgan yo‘l-transport hodisasi oqibatida ikki nafar xodim halok bo‘ldi. Bu haqda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» aksiyadorlik jamiyati matbuot xizmati xabar qildi.
Korxona maʼlumotiga ko‘ra, avariya 21 iyul kuni soat taxminan 05:30 da kon hududida sodir bo‘lgan. BelAZ karer avtosamosvali xizmat avtomobili Toyota bilan to‘qnashgan. Hodisa oqibatida ikki nafar xodim vafot etgan.
NKMKda maʼlum qilishlaricha, mazkur holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv o‘tkazilmoqda.
Shu bilan birga, nazorat qiluvchi davlat organlari tomonidan maxsus tekshiruv o‘tkazilib, uning doirasida avariyaning holatlari va kelib chiqish sabablari o‘rganilmoqda.
Xabarda, shuningdek, kombinatning masʼul xizmatlari tomonidan kelgusida bunday hodisalarning oldini olishga qaratilgan qo‘shimcha chora-tadbirlar amalga oshirilayotgani qayd etilgan.
Ijtimoiy tarmoqlarda guvohlar va NKMK xodimlari dunyodagi eng yirik oltin konlaridan biri hududidagi ayrim yo‘l uchastkalarida yoritish tizimi mavjud emasligi, shuningdek, yetarli darajada suv sepilmagani sababli chang ko‘tarilib, ko‘rish imkoniyati yomonlashayotganini taʼkidlamoqda.
Ushbu maʼlumotlar NKMK xabarida izohlanmagan.