Malayziyaning yetakchi universitetlari bilan aloqalarni o'rnatilmoqda
Malayziyaning yetakchi universitetlari bilan aloqalarni o'rnatilmoqda
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi delegatsiya Malayziyadagi Management and Science University (MSU) xalqaro ishlar bo‘yicha vitse-prezidenti Indang Ariati hamda rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda viloyat hokimi barqaror taraqqiyotga erishishda taʼlim sohasining hal qiluvchi ahamiyatga ega ekanini alohida taʼkidlab, ayniqsa, xalqaro hamkorlik va akademik aloqalarni kengaytirish muhim omillardan biri ekanini qayd etdi.
Management and Science University —Selangor shtati Shoh Alam shahrida joylashgan Malayziyaning yetakchi xususiy oliy taʼlim muassasalaridan biri bo‘lib, 2001 yilda tashkil etilgan. Bugungi kunda u xalqaro talabalar keng qamrovda tahsil oladigan nufuzli universitetlardan sanaladi. Universitetda biznes va menejment, tibbiyot, farmatsevtika, axborot texnologiyalari, muhandislik, mehmonxona va turizm, taʼlim hamda ijtimoiy fanlar yo‘nalishlari bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi. Zamonaviy kampus, rivojlangan infratuzilma va xalqaro talabalar uchun qulay sharoitlar yaratilgan.
Shuningdek, universitet xalqaro reytinglarda ham munosib o‘rin egallab, QS World University Rankings 2026 natijalariga ko‘ra dunyodagi TOP-600 oliy taʼlim muassasalari qatoriga kirgan.
Muzokaralar davomida MSU rahbariyati Farg‘ona viloyatidagi oliy taʼlim muassasalari bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga tayyor ekanini bildirdi. Jumladan, qo‘shma taʼlim dasturlarini amalga oshirish, talabalar va professor-o‘qituvchilar almashinuvini tashkil etish, malaka oshirish kurslari va ilmiy-tadqiqot yo‘nalishida hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha aniq takliflar ilgari surildi.
Delegatsiya aʼzolari universitetdagi sharoitlar bilan tanishdi, xususan, tibbiyot klinikasidagi imkoniyatlar katta qiziqish uyg‘otdi.
Uchrashuv yakunida o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish va aniq loyihalarni ishlab chiqish bo‘yicha kelishuvga erishildi.