Madaniyat sohasi uchun soliq imtiyozlari kengaytiriladi
Madaniyat sohasi uchun soliq imtiyozlari kengaytiriladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonda madaniyat va sanʼat sohasida faoliyat yuritayotgan tashkilotlar hamda tadbirkorlar uchun bir qator soliq imtiyozlari joriy etiladi. Bu haqda Prezidentning ijodiy soha vakillari bilan uchrashuvida maʼlum qilindi.
Eʼlon qilingan choralarga ko‘ra, konsert-tomosha faoliyati bilan shug‘ullanuvchi tashkilotlar, xususiy teatrlar, kinematografiya sohasi, bolalar uchun kontent ishlab chiqaruvchilar hamda madaniyat va sanʼat sohasidagi xususiy taʼlim muassasalari qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, aylanmadan olinadigan soliq, shuningdek yer solig‘i, mol-mulk solig‘i va jismoniy shaxslar daromad solig‘ini to‘lashdan ozod etiladi.
Shuningdek, tadbirkorlar va yirik kompaniyalar tomonidan adabiyot, madaniyat va sanʼatni rivojlantirish uchun ajratiladigan homiylik mablag‘lari ham soliqqa tortilmaydi.
1 iyuldan boshlab hududlar va mahallalarda o‘tkaziladigan konsertlar hamda madaniy-tomosha tadbirlarini tashkil etish xarajatlarining 20 foizigacha bo‘lgan qismi davlat byudjeti hisobidan qoplab beriladi.
Hududlarda hokimliklar huzurida alohida direksiyalar tashkil etiladi. Ular konsert zallari, teatrlar va madaniyat saroylaridan samarali foydalanish, shuningdek muntazam madaniy tadbirlarni tashkil etish bilan shug‘ullanadi.
Bundan tashqari, har yili aholining ayrim ijtimoiy qatlamlariga mansub 500 ming nafar shaxsga, jumladan o‘qituvchilar, shifokorlar, davlat xizmatchilari, maktab o‘quvchilari va talabalarga teatrlar, kinoteatrlar hamda konsertlarga tashrif buyurish uchun bepul vaucherlar taqdim etiladi.
Shuningdek, 100 ming nafar kam taʼminlangan oila va nogironligi bo‘lgan bolalar ham mazkur bepul vaucherlar bilan taʼminlanadi.
#Shavkat Mirziyoyev