Jamshid Qo'chqorov va Bo Li O'zbekistondagi makroiqtisodiy islohotlarni muhokama qilishdi
Jamshid Qo'chqorov va Bo Li O'zbekistondagi makroiqtisodiy islohotlarni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 29-iyun kuni Xalqaro valyuta jamg‘armasi va Jahon banki “Shveysariya guruhi”ning navbatdagi yig‘ilishi doirasida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari — Iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) boshqaruvchi direktori o‘rinbosari Bo Li bilan uchrashuv o‘tkazdi. Uchrashuvda O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki raisi Timur Ishmetov hamda mas’ul idoralar vakillari ham ishtirok etdi.
Muloqot davomida O‘zbekistondagi joriy makroiqtisodiy holat, yalpi ichki mahsulot o‘sish sur’atlari, inflatsiyaning pasayishi, fiskal barqarorlikni ta’minlash, shuningdek, mamlakatda amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlarning navbatdagi bosqichlari muhokama qilindi.
Shuningdek, so‘nggi yillarda O‘zbekistonda makroiqtisodiy barqarorlikni mustahkamlash, davlat moliyasini boshqarish, soliq ma’murchiligini takomillashtirish, bank tizimini transformatsiya qilish va davlat ishtirokidagi korxonalarni xususiylashtirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotgani ta’kidlandi.
Xususan, Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan IV modda bo‘yicha maslahatlashuvlar doirasidagi hamkorlik, Jamg‘arma tavsiyalarining iqtisodiy holatni takomillashtirishdagi ahamiyati fikr almashildi.
Bundan tashqari, Toshkent xalqaro investitsiya forumi yakunlari, mamlakatda xususiy sektor uchun yaratilayotgan imkoniyatlar, investitsiyaviy muhitni yaxshilash, infratuzilma loyihalarida xususiy sektor ishtirokini kengaytirish masalalari alohida qayd etildi.
Bo Li O‘zbekistonda olib borilayotgan iqtisodiy islohotlarni yuqori baholab, kuchli institutlar, barqaror fiskal siyosat, ishonchli infratuzilma va inson kapitaliga investitsiyalar iqtisodiyotning uzoq muddatli o‘sishi uchun muhim omillar ekanini ta’kidladi.
Uning qayd etishicha, xususiy sektor faolligini oshirish, davlat xarajatlari samaradorligini ta’minlash, soliq tizimi va soliq ma’murchiligini yanada takomillashtirish iqtisodiyotda qo‘shimcha fiskal resurslarni shakllantirish hamda ta’lim, sog‘liqni saqlash va ijtimoiy sohalarga yo‘naltiriladigan mablag‘larni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi.
Uchrashuv yakunida Xalqaro valyuta jamg‘armasi bilan konstruktiv muloqot va texnik hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi.