O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Jahon banki delegatsiyasi qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida Namanganga tashrif buyurdi

UzDaily · 17.06.2026 · 19:35 · 36 views
Jahon banki delegatsiyasi qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida Namanganga tashrif buyurdi

Jahon banki delegatsiyasi qishloq infratuzilmasini rivojlantirish loyihasi doirasida Namanganga tashrif buyurdi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Jahon bankining Xalqaro taraqqiyot uyushmasi hamda Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki ishtirokida amalga oshirilayotgan “Qishloq infratuzilmasini rivojlantirish” loyihasi doirasida Jahon banki vitse-prezidenti janob Akihiko Nishio boshchiligidagi delegatsiya Namangan shahrida munosib kutib olindi.

Delegatsiyaning dastlabki manzili Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi madaniyat va istirohat bog‘i bo‘lib, mehmonlar bu yerda o‘tkazilayotgan 65-Xalqaro "Gullar festivali"ning betakror manzaralari bilan yaqindan tanishdilar. Rang-barang gullar kompozitsiyalari, nafis bezaklar va festivalning o‘ziga xos muhiti xorijiy mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.

Viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Zuxriddin Baxriddinov hamda shahar hokimi Ayubxon Kamalov hamrohligida festival hududi bo‘ylab sayr qilgan delegatsiya aʼzolari Namanganning obodonlashtirish borasidagi ishlari, shahar madaniy qiyofasi va xalqaro festivalning yuksak saviyada tashkil etilganini yuqori baholadilar.

Muloqotlar davomida mehmonlar xizmat safari aynan 65-Xalqaro "Gullar festivali" kunlariga to‘g‘ri kelganidan mamnun ekanliklarini bildirib, Namanganning o‘ziga xos go‘zalligi va mehmondo‘stlik muhiti ularda unutilmas taassurot qoldirganini taʼkidladilar.

Mazkur tashrif xalqaro moliyaviy institutlar bilan hamkorlikni yanada mustahkamlash, hududlarda infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan istiqbolli loyihalarni samarali amalga oshirishda muhim ahamiyat kasb etadi.

UzDaily · 👁 36 views · 17.06.2026 · 19:35