v
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston delegatsiyasining Ammonga tashrifi doirasida, Savdo-sanoat palatasi raisi o‘rinbosari Dilshod Rasulov Iordaniya Ishbilarmonlar uyushmasi raisi Hamdi Tabba’a bilan uchrashdi.
Iordaniya Ishbilarmonlar uyushmasi (Jordanian Businessmen Association) mamlakatdagi yetakchi ishbilarmon doiralarni birlashtiruvchi nufuzli tashkilot bo‘lib, biznes muhitini yaxshilash, xalqaro iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash va sarmoyaviy imkoniyatlarni kengaytirishga qaratilgan faoliyat olib boradi.
Uchrashuvda ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy aloqalarni kengaytirish, o‘zaro manfaatli biznes tashriflar tashkil etish, O‘zbekiston va Iordaniyada bo‘lib o‘tadigan ko‘rgazma va yarmarkalar bo‘yicha ma’lumot almashuvini muntazam ravishda olib borish masalalari ko‘rib chiqildi.
Shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlar, tadbirkorlik faoliyati uchun yaratilgan qulay sharoitlar, O‘zbekistonning investitsiyaviy va eksport salohiyati haqida atroflicha ma’lumot berildi.
Uchrashuv yakunlari bo‘yicha joriy yilda Iordaniya ishbilarmon doiralari delegatsiyasining O‘zbekistonga tashrifini tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.