ILMA va Buyuk Britaniya kapital bozorini rivojlantirishni muhokama qilishdi
ILMA va Buyuk Britaniya kapital bozorini rivojlantirishni muhokama qilishdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Istiqbolli loyihalar milliy agentligida Buyuk Britaniya va Shimoliy Irlandiya Qo‘shma Qirolligi delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Uchrashuv ikki tomonlama hamkorlikni rivojlantirish masalalari bo‘yicha muloqotni yana-da mustahkamlash yo‘lidagi navbatdagi qadam bo‘ldi.
Britaniya delegatsiyasiga Buyuk Britaniyaning investitsiyalar bo‘yicha vaziri lord Jeyson Stokvud boshchilik qildi. Delegatsiya tarkibidan, shuningdek, Buyuk Britaniyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Timoti Smart, Buyuk Britaniya Hukumatining Investitsiyalar bo‘yicha boshqarmasi vakili, shuningdek, London fond birjasi vakillari Kris MakGaxan va Ayuna Nechayeva o‘rin oldi.
Uchrashuv davomida tomonlar O‘zbekiston kapital bozorini rivojlantirish, o‘zbek kompaniyalarining IPO jarayonlarini Britaniya tomonidan qo‘llab-quvvatlash, milliy birja infratuzilmasini takomillashtirish hamda xalqaro depozitariy Euroclear bilan integratsiya qilish ishlarini o‘z ichiga olgan ikkilamchi listing mexanizmini shakllantirish masalalarini muhokama qildilar. Shuningdek, kripto-aktivlar aylanmasini tartibga solish sohasiga alohida eʼtibor qaratildi.
Britaniya tomoni O‘zbekiston kripto-aktivlar aylanmasi sohasida to‘liq huquqiy tartibga solish tizimini shakllantirgan dunyodagi kam sonli davlatlardan biri ekanligini taʼkidlab, mazkur yo‘nalishda hamkorlikni yana-da kengaytirishni taklif qildi.
Tomonlar, shuningdek, kapital bozorini tartibga solish sohasida tajriba almashish, shuningdek, kelgusidagi bitimlar va islohotlarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida huquq, konsalting va kapital bozori sohalarida Britaniya ekspertizasini jalb etish uchun Buyuk Britaniyaning Moliyaviy xulq-atvorni tartibga solish va nazorat qilish boshqarmasi (FCA) kabi regulyatorlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri aloqalar o‘rnatish imkoniyatlarini ham ko‘rib chiqdilar.
Uchrashuv yakunida tomonlar Agentlik va Buyuk Britaniyaning yetakchi moliyaviy institutlari o‘rtasidagi hamkorlikni yo‘lga qo‘yish va rivojlantirishga o‘zaro qiziqish mavjudligini tasdiqladilar.