Hayvonlarni identifikatsiya qilish tizimi joriy etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Deputatlar tomonidan ko‘rib chiqilgan navbatdagi hujjat — “Hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘ldi.
Ushbu qonun loyihasida hayvonlarni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish va kuzatish sohasidagi munosabatlarni tartibga solish, hayvonlarning hisobini yuritish, ularning nasli va sog‘ligi to‘g‘risidagi ma’lumotlarni elektron tizimda jamlash nazarda tutilmoqda.
Shu bilan birga, sohaga mas’ul bo‘lgan organlarning vakolatlari, hayvonlarni identifikatsiya qiluvchi, ro‘yxatga oluvchi va kuzatuvchi mutaxassislarning va hayvon egalarining huquq va majburiyatlari ham belgilab qo‘yilyapti. O‘z o‘rnida hayvon egalarining manfaatdorligi va mas’uliyati oshirilmoqda.
Majlisda qonun loyihasini ikkinchi o‘qishga tayyorlash jarayonida mas’ul qo‘mita tomonidan bir qator ishlar amalga oshirilgani qayd etildi. Xususan, deputatlar bergan barcha takliflar chuqur tahlil qilinib, ular asosida hujjat matni maromiga yetkazildi.
Qonun loyihasida hayvonlarning egalaridan to‘lov undirmasdan ularni identifikatsiya qilish, ro‘yxatga olish tartibi va bosqichlarini belgilash hamda hayvon egalarining huquqlari va sohaga mas’ul bo‘lgan vakolatli davlat organining majburiyatlarini kuchaytirishga qaratilgan normalar o‘z aksini topmoqda.
Majlisda qonun loyihasi deputatlar tomonidan uchinchi o‘qishda qabul qilindi va Senatga yuborildi.