Fransiyaning Star Group kompaniyasi Samarqand bog'larini modernizatsiya qilishni taklif qildi
Fransiyaning Star Group kompaniyasi Samarqand bog'larini modernizatsiya qilishni taklif qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Samarqand viloyati hokimi Adiz Boboyev Fransiyaning "Star Fruits & Plant Export" (Star Group) konsorsiumi rahbariyati bilan uchrashuv o‘tkazdi. Unda xorijiy hamkorlar o‘z faoliyatini taqdim etib, viloyat qishloq xo‘jaligi sektorini modernizatsiya qilish bo‘yicha kompleks xizmatlarni taklif qildilar.
Premium segmentdagi klub meva navlarini yetishtirish bo‘yicha Yevropadagi yetakchi kompaniyalardan biri hisoblangan konsorsium Samarqandda o‘zining noyob biznes modelini joriy etishga qiziqish bildirganini ma’lum qildi. Fransiya tomoni innovasion va sertifikatlangan ko‘chatlar yetkazib berish, bog‘larga agrotexnik ishlov berish, shuningdek, mahsulotlarni global marketing tizimlariga integratsiya qilish hamda mahalliy mevalarni xalqaro savdo tarmoqlariga olib chiqishni o‘z ichiga olgan to‘liq davomiy hamkorlikni taklif etdi.
Viloyat hokimi loyiha istiqbollariga qiziqish bildirib, hududdagi ko‘plab bog‘larni yangilash va hosildorligini oshirish zarurligini ta’kidladi. Uning qayd etishicha, mazkur modelning asosiy afzalligi oddiy xomashyo eksportidan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega brendli mevalar savdosiga o‘tish imkoniyatini yaratishidir.
Uchrashuv yakunida tomonlar kompaniyaning takliflari va amaliy tajribasini batafsil o‘rganishga kelishib oldilar. Shundan so‘ng qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq amaliy choralar ishlab chiqilishi rejalashtirilmoqda.