Fargʻona viloyati Yaponiyada biznes forum oʻtkazdi
Fargʻona viloyati Yaponiyada biznes forum oʻtkazdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Yaponiyadagi xizmat safari doirasida Tochigi prefekturasi gubernatori Tomikazu Fukuda bilan uchrashdi.
Samimiy va amaliy ruhda o‘tgan muloqotda ikki hudud o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish, qo‘shma investitsiya va innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Tomikazu Fukuda ikki hudud o‘rtasida bo‘lib o‘tgan biznes forumni yuqori baholab, hamkorlik uchun muhim qadam bo‘lganligini bildirdi.
Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov samimiy qabul uchun minnatdorchilik bildirdi. O‘zbekiston va Yaponiya o‘rtasidagi munosabatlar yuqori darajada davom etayotganligini alohida taʼkidlab, Tochigi prefekturasi bilan aloqalarni faollashtirishga eʼtibor qaratdi.
Tochigi prefekturasi Yaponiyaning sanoat va agrar salohiyati yuqori bo‘lgan hududlaridan biri sifatida avtomobilsozlik, elektronika, oziq-ovqat sanoati, logistika, qishloq xo‘jaligi hamda turizm sohalarida yetakchi o‘rin egallaydi. Bu esa Farg‘ona viloyati uchun o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘yishda keng imkoniyatlar yaratadi.
Uchrashuv davomida Farg‘ona viloyatining investitsiyaviy salohiyati, sanoat zonalari, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksporti va inson kapitali imkoniyatlari haqida maʼlumot berildi. Yapon tomoni Farg‘onada amalga oshirilayotgan islohotlar, qulay biznes muhiti va xorijiy investorlar uchun yaratilayotgan sharoitlarga katta qiziqish bildirdi.
Avtomobilsozlik va sanoat kooperatsiyasi, qishloq xo‘jaligida zamonaviy texnologiyalarni joriy etish, turizm infratuzilmasini rivojlantirish, taʼlim va kadrlar tayyorlash, “aqlli” shaharlar va raqamlashtirish sohasida hamkorlik takliflari bildirildi.
Shuningdek, ikki hudud o‘rtasida ishbilarmon doiralar aloqalarini faollashtirish, birodarlik o‘rnatish, biznes-forumlar va uchrashuvlarni muntazam tashkil etish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv yakunida Farg‘ona viloyati va Tochigi prefekturasi o‘rtasida uzoq muddatli va barqaror sheriklik munosabatlarini yo‘lga qo‘yish, aniq loyihalarni ishlab chiqish hamda amaliy hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi. Ishchi guruhlar tuzilib, aniq loyiha takliflarini ishlab chiqish belgilandi. Tochigi prefekturasi delegatsiyasi Farg‘onaga taklif qilindi.
Maʼlumot o‘rnida: Tochigi sanoatlashgan prefektura hisoblanib, YAHM tarkibida ishlab chiqarish sohasi ulushi bo‘yicha mamlakatda 2-o‘rinda turadi. Qulupunay yetishtirish bo‘yicha 50 yildan ortiq vaqt davomida Yaponiyada mutlaq 1-o‘rinni egallab kelmoqda. Nikko shahridagi ibodatxonalar va ziyoratgohlar kompleksi ("Nikko Tosyo-gu") 1999 yilda YUNESKO Butunjahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan.