Farg‘onada tibbiy chiqindilarni energiyaga aylantirish loyihasi muhokama qilindi
Farg‘onada tibbiy chiqindilarni energiyaga aylantirish loyihasi muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona hokimi Xayrullo Bozorov Amerika Qo‘shma Shtatlarining “Sayat LLC” kompaniyasi taʼsischisi Stanislav Kushnirni qabul qildi.
Uchrashuvda o‘zaro hamkorlikni rivojlantirish hamda tibbiyot chiqindilarini utilizatsiya qilish orqali muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarishga qaratilgan investitsiya loyihasini amalga oshirish masalalari muhokama qilindi.
AQSHning “Sayat LLC” kompaniyasi tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish stansiyalarini qurishga ixtisoslashgan. Prezidentimizning “Tibbiyot chiqindilaridan muqobil issiqlik energiyasi ishlab chiqarish” investitsiya loyihasini amalga oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori asosida ayni vaqtda Toshkent shahri, Samarqand va Buxoro viloyatlarida tibbiyot muassasalari hududida zamonaviy stansiyalar qurilmoqda.
Loyihaning ikkinchi bosqichida, yaʼni 2026–2030 yillarda respublikaning boshqa hududlarida ham shu kabi obyektlarni ishga tushirish rejalashtirilgan.
Mazkur investitsiya loyihasi doirasida tibbiyot muassasalarida hosil bo‘ladigan chiqindilarni ekologik xavfsiz tarzda utilizatsiya qilish hamda ulardan issiqlik energiyasi ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yiladi.
Uchrashuvda loyihani amalga oshirish bilan bog‘liq tashkiliy va texnik masalalar ko‘rib chiqildi.
Viloyat hokimi loyihaning ekologik jihatdan muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidlab, uni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Shuningdek, masʼul tashkilotlarga loyihani amalga oshirish jarayonida investorlarga zarur ko‘mak ko‘rsatish bo‘yicha topshiriqlar berildi.
Hamkorlikda ishlarni jadallashtirish va loyihani amalga oshirish yuzasidan kelishib olindi.