O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
O‘zbekiston

Farg‘onada “Fergana Plus” zamonaviy tibbiy ta’lim klasteri tashkil etiladi

UzDaily · 19.06.2026 · 10:00 · 26 views
Farg‘onada “Fergana Plus” zamonaviy tibbiy ta’lim klasteri tashkil etiladi

Farg‘onada “Fergana Plus” zamonaviy tibbiy ta’lim klasteri tashkil etiladi

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Sog‘liqni saqlash vaziri Eldor Adilov Toshkent xalqaro investitsiya forumiga tashrif buyurgan Oʻzbekiston – Saudiya Ishbilarmonlar kengashi hamraisi, “ACWA” kompaniyasi boshqaruvi raisi Muhammad Abunayyan hamda “Vision International Investment Company” kompaniyasi prezidenti va bosh ijrochi direktori Omar Al-Midani boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Muloqotda o‘zaro hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va qo‘shma loyihalarni jadallashtirish masalalari muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, Prezidentimizning tegishli qaroriga muvofiq Farg‘ona viloyatida davlat-xususiy sheriklik asosida 800 o‘rinli zamonaviy ko‘p tarmoqli shifoxona qurilishi rejalashtirilgan.

Bundan bir muddat oldin vazirlik hamda tender g‘olibi bo‘lgan xususiy sherik — “Vision International Investment Company” (Saudiya Arabistoni) va “KOS Construction Mekanik Elektrik Fe LLC” (O‘zbekiston) kompaniyalaridan iborat konsorsium o‘rtasida imzolangan bitim mazkur loyihani amaliy bosqichga olib chiqish yo‘lidagi muhim qadam bo‘ldi.

Yangi ko‘p tarmoqli muassasa hududdagi beshta mavjud ixtisoslashtirilgan markaz filialini yagona kompleksga birlashtiradi.

Farg‘ona va unga tutash viloyatlar hamda qo‘shni respublikalar aholisiga kardiojarrohlik, neyrojarrohlik, organlar transplantatsiyasi, nefrologiya, ortopediya kabi qator yo‘nalishlarda xalqaro standartlar darajasida xizmat ko‘rsatadi.

Shuningdek, majmua tarkibida 160 o‘rinli intensiv terapiya va shoshilinch tibbiy yordam bo‘limlari hamda barcha yordamchi klinik xizmatlar bo‘lishi ko‘zda tutilgan.

Qolaversa, loyiha doirasida bu yerda hamshiralar tayyorlash maktabi, tibbiyot universiteti va mehmonxona barpo etish orqali tibbiy ta’lim, ilm-fan va amaliyotni uyg‘unlashtirgan “Fergana Plus” zamonaviy tibbiy ta’lim klasteri yaratiladi.

Uchrashuv mazkur tibbiy ta’lim klasterini tashkil etish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
 
Tomonlar ushbu loyiha O‘zbekiston va Saudiya Arabistoni o‘rtasidagi keng qamrovli sheriklik va do‘stona munosabatlarni yanada mustahkamlash barobarida, mamlakatimizda tibbiy xizmatlar sifatini yuqori bosqichga olib chiqishiga ishonch bildirdi.

UzDaily · 👁 26 views · 19.06.2026 · 10:00