Farg‘ona viloyati Indorama kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Farg‘ona viloyati Indorama kompaniyasi bilan hamkorlikni kengaytirmoqda
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyat hokimi Xayrullo Bozorovning Singapurning yirik “Indorama Corporation Pte. Ltd.” kompaniyasi raisi o‘rinbosari Amit Lohiya bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvida o‘zaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqish va istiqbolli investitsiyaviy loyihalarni kengaytirish masalalari xususida so‘z yuritildi.
Viloyat rahbari “Indorama” kompaniyasining Farg‘ona iqtisodiyoti rivojidagi o‘rnini alohida qayd etdi. To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish va eng muhimi, aholi uchun barqaror, yuqori daromadli yangi ish o‘rinlari yaratish borasidagi tashabbuslarini yuqori baholadi.
Singapurning “Indorama” kompaniyasi bugungi kunda jahonning yetakchi sanoat xoldinglaridan biri bo‘lib, to‘qimachilik, kimyo va mineral o‘g‘itlar ishlab chiqarish sohalarida 40 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritmoqda.
Kompaniya O‘zbekistonda ham yirik investor sifatida kimyo, to‘qimachilik va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarida qator muhim loyihalarni amalga oshirib kelmoqda.
2011 yilda Qo‘qon shahrida “Indorama Kokand Textile” korxonasi ishga tushirilib, zamonaviy to‘qimachilik ishlab chiqarishi yo‘lga qo‘yildi. 2019 yilda esa sobiq “Qo‘qon superfosfat zavodi” bazasida “Indorama Kokand Fertilizers and Chemicals” korxonasi faoliyati boshlandi.
Kompaniya tomonidan shu kunga qadar to‘qimachilik sohasiga 164 million dollar, mineral o‘g‘it ishlab chiqarishga 80 million dollar, jami 244 million dollar investitsiya kiritildi. Ikki mingga yaqin ish o‘rinlari yaratildi.