Farg‘ona va Yaponiya meva-sabzavot eksportini muhokama qildi
Farg‘ona va Yaponiya meva-sabzavot eksportini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Tokioga amaliy tashrifi doirasida Yaponiyaning Tokyo Seika Trading Co., Ltd. va Toyo Trans Incorporation kompaniyalari vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Uchrashuv davomida meva-sabzavotlar va boshqa qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish, ularni qayta ishlash, saqlash va zamonaviy logistika zanjirlarini yo‘lga qo‘yish bo‘yicha istiqbolli investitsiya loyihalari ko‘rib chiqildi.
Muloqot chog‘ida Farg‘ona viloyatining agrar sohadagi salohiyati, xususan, yuqori sifatli meva va sabzavotlar yetishtirish bo‘yicha boy tajribasi, eksportbop mahsulot turlari va mavjud infratuzilmasi haqida batafsil maʼlumot berildi. Kompaniyalar mazkur mahsulotlarga yuqori qiziqish bildirib, ularni o‘z bozoriga tizimli ravishda yetkazib berish mexanizmlarini joriy etishga tayyor ekanini taʼkidladi.
Savdo yo‘nalishida faoliyat yurituvchi hamda transport-logistika xizmatlariga ixtisoslashgan mazkur kompaniyalar O‘zbekiston, ayniqsa, Farg‘ona viloyatida yetishtirilayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini Yaponiya bozoriga keng miqyosda olib kirishni rejalashtirmoqda. Bu esa mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun yangi eksport imkoniyatlarini yaratib, hudud iqtisodiyotining yana-da o‘sishiga xizmat qilishi kutilmoqda.
Uchrashuv yakunida tomonlar o‘rtasida o‘zaro hamkorlik bo‘yicha bitim imzolandi.