Diplomatlar Oʻzbekiston fuqarosining Serbiyadan qaytishiga yordam berishdi

Diplomatlar Oʻzbekiston fuqarosining Serbiyadan qaytishiga yordam berishdi

Diplomatlar Oʻzbekiston fuqarosining Serbiyadan qaytishiga yordam berishdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Vengriyadagi elchixonasi xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, mushkul vaziyatga tushib qolgan vatandoshlarga yaqindan yordam berish borasida muntazam ravishda ish olib bormoqda, deb xabar qilmoqda “Dunyo” AA muxbiri.

Xususan, elchixona diplomatlari yaqinda moddiy ko‘makka muhtoj bo‘lib qolgan andijonlik vatandoshimizning muammosini hal etishda yaqindan yordam ko‘rsatdi.

Hamyurtimizning murojaatiga ko‘ra, u moddiy qiyinchiliklar tufayli Serbiyadan O‘zbekistonga qaytishga majbur bo‘lgan. Biroq, mablag‘i yo‘qligi sababli aviachipta sotib ololmagan. Ish beruvchi yurtdoshimizni rasmiy ishga joylashtirmagan va mehnat shartnoma tuzmagan. Shu sababli, vatandoshimiz 6 oy davomida ishlagan bo‘lsa-da, mehnat haqini olmagan.

Natijada, u og‘ir moliyaviy ahvolga tushib qolgan va Vatanga mustaqil ravishda qaytish imkoni bo‘lmagan.

Shundan so‘ng elchixona vakillari O‘zbekiston Migratsiya agentligi bilan bog‘lanib, muammoni o‘z vaqtida hal qilish choralarini ko‘rdi.

Olib borilgan ishlar natijasida, Mehnat migrantlarini qo‘llab-quvvatlash jamg‘armasi hisobidan hamyurtimiz uchun bepul aviachipta olib berilib, uning Vatanga qaytishida yaqindan ko‘mak berildi.

Bu saʼy-harakatlar mamlakatimiz tashqi siyosatida ham fuqarolar manfaatlarini himoya qilish muhim ahamiyat kasb etishining yana bir bor tasdig‘idir.

O‘zbekistonning hech bir fuqarosi eʼtiboran chetda qolmaydi va Vataniga yetib olishi uchun barcha tegishli choralar ko‘riladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling