Baxtiyor Saidov Singapurda yirik investorlar bilan muloqot qildi
Baxtiyor Saidov Singapurda yirik investorlar bilan muloqot qildi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekiston Respublikasi tashqi ishlar vaziri Baxtiyor Saidov Singapurga amalga oshirgan rasmiy tashrifi doirasida Singapur Biznes federatsiyasi (SBF) maydonida tashkil etilgan yirik davra suhbatida ishtirok etdi.
Tadbirda Singapurning yetakchi ishbilarmon doiralari rahbarlari va top-menejerlari, shuningdek, dunyoning eng yirik transmilliy korporatsiyalari va investitsiya tuzilmalari vakillari qatnashdi.
Muhokamalarda Wilmar International, Indorama Corporation, Singapore Technologies Engineering, Meta, Franklin Templeton, StoneX, Meinhardt, Quest Ventures, Investbanq, Global Finance & Technology Network hamda TASCA kabi xalqaro kompaniya va tashkilotlar vakillari ishtirok etdi. Bunday nufuzli tarkib xorijiy kapitalning jadal rivojlanayotgan O‘zbekiston bozoriga bo‘lgan yuqori strategik qiziqishini yana bir bor namoyon etdi.
Atroflicha va amaliy ruhda o‘tgan muloqot davomida tomonlar respublikaning investitsiya salohiyatini batafsil tahlil qilib, yuqori texnologiyali qo‘shma loyihalarni amalga oshirishning istiqbolli yo‘nalishlarini belgilab oldilar.
Davra suhbati ishtirokchilari eʼtibor markazida zamonaviy iqtisodiyotning eng istiqbolli va ilm talab qiladigan sohalari bo‘ldi. Jumladan, sunʼiy intellekt texnologiyalarini joriy etish, venchur investitsiyalar bozorini rivojlantirish, zamonaviy maʼlumotlarni qayta ishlash markazlarini qurish, «aqlli shaharlar»ni loyihalash, raqamli infratuzilmani modernizatsiya qilish va innovatsion taʼlim dasturlarini ishga tushirish masalalari muhokama qilindi.
Singapur va xalqaro biznes vakillari O‘zbekiston Prezidenti rahbarligida izchil amalga oshirilayotgan keng qamrovli iqtisodiy islohotlarga yuqori baho berdilar.
Ayniqsa, investitsiyalar uchun qulay va ishonchli muhit yaratish, raqamli iqtisodiyotga o‘tishni jadallashtirish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish hamda innovatsiyalarni iqtisodiyot va ijtimoiy hayotning barcha sohalariga chuqur tatbiq etish bo‘yicha Toshkent tomonidan olib borilayotgan tizimli ishlar alohida qayd etildi.
Uchrashuv yakunida Baxtiyor Saidov Singapur Biznes federatsiyasi bosh ijrochi direktori Samanta Teoga yuqori darajadagi muloqot maydonini tashkil etgani uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.