Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — AQSH Davlat kotibi Marko Rubio Markaziy Osiyo mamlakatlari suverenitetni mustahkamlash va aholi farovonligini oshirish uchun investitsiyalarni birgalikda jalb qilish, savdo sherikliklarini rivojlantirish hamda zarur resurslar bilan o‘zini taʼminlash imkoniyatiga ega ekanini taʼkidladi. U bu haqda mintaqa mamlakatlari va AQSH tashqi ishlar vazirlarining C5+1 formatidagi uchrashuvida maʼlum qildi.
«Birgalikda mamlakatlarimizni suveren davlatlar sifatida saqlab qolish va umumiy farovonligimizni oshirish uchun zarur bo‘lgan resurslar, investitsiyalar, imkoniyatlar va savdo sherikliklarini taʼminlashimiz mumkin», — dedi Rubio.
Uning so‘zlariga ko‘ra, C5+1 formati Vashingtonning Markaziy Osiyo davlatlari bilan tinch munosabatlarni mustahkamlashga bo‘lgan qiziqishini va hamkorlikni yana-da rivojlantirishga sodiqligini aks ettiradi.
Rubio taʼkidlashicha, AQSH muhim sanoat tarmoqlari va ularning faoliyatini taʼminlovchi taʼminot zanjirlarini himoya qilishga, shu orqali ishonchsiz xorijiy hamkorlarga qaramlikni kamaytirish va iqtisodiy mustaqillikni saqlab qolishga intilmoqda. U Markaziy Osiyoni investitsiyalar va eksport uchun istiqbolli yo‘nalish, shuningdek, turli mamlakatlarning kelgusi taraqqiyoti uchun zarur materiallarning muhim manbai deb atadi.
Davlat kotibi amaliy hamkorlikning asosiy yo‘nalishlari qatorida Transkaspiy savdo yo‘lining transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, mintaqa kompaniyalarining AQSH va Markaziy Osiyo bozorlariga chiqish imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, yuqori qo‘shilgan qiymatga ega muhim minerallar bo‘yicha integratsiyalashgan taʼminot zanjirlarini rivojlantirishni qayd etdi.
Bundan tashqari, Vashington ilg‘or Amerika texnologiyalari bilan ishlaydigan mutaxassislarni tayyorlashga ko‘maklashishni rejalashtirmoqda. Rubioning aytishicha, bu Markaziy Osiyoning o‘sib borayotgan texnologik sektori uchun minglab yosh mutaxassislarni tayyorlashni nazarda tutadi.
U iqtisodiy aloqalarni kengaytirish vositalaridan yana biri sifatida B5+1 biznes-forumini ham tilga oldi. Ushbu forum davlat va biznes o‘rtasidagi muloqotni rivojlantirish, o‘zaro savdo hamda investitsiyalar hajmini oshirishga xizmat qilishi kerak.
Rubio, shuningdek, o‘tgan yili Vashingtonda bo‘lib o‘tgan C5+1 uchrashuvini eslatdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, Oq uyda o‘tkazilgan tadbir transport, energetika, moliya va iqtisodiyotning boshqa muhim tarmoqlarini mustahkamlashga qaratilgan 25 milliard dollarlik yangi bitimlar tuzilishiga olib kelgan.
Davlat kotibi taʼkidlaganidek, o‘sha paytda AQSH prezidenti Donald Tramp va Markaziy Osiyo mamlakatlari rahbarlari savdo va investitsiyalarni rivojlantirishga xizmat qiladigan tartibga solish sharoitlari hamda mehnat bozori qoidalarini shakllantirishga kelishib olgan. Uning aytishicha, bugungi uchrashuvlar mazkur majburiyatlarni amalga oshirishni davom ettirishga qaratilgan.
Nutqi yakunida Rubio Markaziy Osiyoning barcha mamlakatlari o‘z madaniyati va manfaatlariga ega mustaqil davlatlar ekanini, ular o‘z kelajagini belgilash huquqiga ega ekanini taʼkidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, AQSH mintaqa davlatlarining farovon bo‘lishini istaydi va bu yo‘lda ular bilan hamkorlik qilishga tayyor.