Angliya Meksikani mag‘lub etib, chorak finalga chiqdi
Angliya Meksikani mag‘lub etib, chorak finalga chiqdi
Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Angliya milliy terma jamoasi futbol bo‘yicha jahon chempionatining 1/8 final bosqichida Meksika ustidan 3:2 hisobida g‘alaba qozonib, chorak finalga yo‘l oldi. Uchrashuv Mexiko shahrida bo‘lib o‘tdi. Noqulay ob-havo sharoiti sababli o‘yin boshlanishi bir soatga kechiktirildi.
Angliyaga g‘alabani Jud Bellingemning 36 va 38-daqiqalarda urgan ikki goli, shuningdek, Garri Keynning 60-daqiqada penaltidan kiritgan to‘pi keltirdi. Meksika terma jamoasi safida Xulian Kinyones 42-daqiqada, Raul Ximenes esa 69-daqiqada penaltidan gol urdi.
54-daqiqada Angliya himoyachisi Jarell Kuansa qo‘pol qoidabuzarlik uchun maydondan chetlatildi. Shunga qaramay, angliyaliklar bir kishi kam bo‘lib harakat qilgan holda ham g‘alaba hisobini saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.
Chorak finalda Angliya Norvegiya terma jamoasi bilan to‘qnash keladi. Norvegiya Braziliyani 2:1 hisobida mag‘lub etgan edi. Uchrashuv Moskva vaqti bilan 12 iyulga o‘tar kechasi bo‘lib o‘tadi.
Moskvaning “Lokomotiv” klubi va Meksika terma jamoasi himoyachisi Sesar Montes asosiy tarkibda maydonga tushdi, ammo birinchi bo‘limdan so‘ng almashtirildi.
Angliya terma jamoasi uchun bu jahon chempionatlarida ketma-ket uchinchi chorak final yo‘llanmasi bo‘ldi. 2018 yilda angliyaliklar to‘rtinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, 2022 yilda musobaqani chorak final bosqichida yakunlagan.
Meksika 2026 yilgi jahon chempionati mezbonlari orasida musobaqani tark etgan ikkinchi terma jamoaga aylandi. Avvalroq Kanada 1/8 finalda Marokashga 0:3 hisobida mag‘lub bo‘lgan edi. AQSH terma jamoasi esa ushbu bosqichda Belgiyaga qarshi maydonga tushishi kerak.
Futbol bo‘yicha jahon chempionati AQSH, Kanada va Meksikada 48 ta terma jamoa ishtirokida o‘tkazilmoqda. Turnir 19 iyul kuni yakunlanadi. Amaldagi jahon chempioni Argentina terma jamoasi hisoblanadi.