O‘zbekiston Iqtisod Moliya Texnologiyalar Madaniyat Sport Turizm Dunyo Media OutReach Newswire
Iqtisod

Andijon viloyati va Xitoy o‘n millionlab dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshiradilar

UzDaily · 21.06.2026 · 17:05 · 25 views
Andijon viloyati va Xitoy o‘n millionlab dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshiradilar

Andijon viloyati va Xitoy o‘n millionlab dollarlik qo‘shma loyihalarni amalga oshiradilar

Toshkent, O’zbekiston (UzDaily.uz) — Andijon viloyati hokimi Shuxratbek Abduraxmonov Bobur shahrida Xitoy Sanoat energiya tejamkorligi va toza ishlab chiqarish assotsiatsiyasi rahbariyatini qabul qildi.

Uchrashuvda assotsiatsiya rahbarlaridan biri Lyu Minji ishtirok etib, energiya samaradorligi, sanoat kooperatsiyasi, kommunal infratuzilmani modernizatsiya qilish hamda qishloq xo‘jaligida innovatsion texnologiyalarni joriy etish masalalari muhokama qilindi.

Muloqot davomida energiya tejamkor texnologiyalarni keng joriy etish orqali sanoat va kommunal sohalarda energiya sarfini kamaytirish, infratuzilma samaradorligini oshirishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Shuningdek, Andijonda yuqori texnologiyali suv nasoslari va maxsus yong‘in xavfsizligi avtomobillarini ishlab chiqarish loyihasi ham ko‘rib chiqildi. Loyiha doirasida zamonaviy nasos uskunalarini mahalliylashtirish hamda ularni FAW Trucks korxonasi bilan kooperatsiya asosida maxsus texnikaga integratsiya qilish rejalashtirilmoqda.

Uchrashuvda davlat-xususiy sheriklik asosida aholini markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olishga qaratilgan istiqbolli tashabbuslar ham muhokama qilindi. Xususan, Andijon shahridagi “RK-1” markaziy issiqlik qozonxonasini rekonstruksiya va modernizatsiya qilish loyihasi taqdim etildi. Qiymati 16,3 million AQSH dollariga teng bo‘lgan mazkur loyiha amalga oshirilganda minglab xonadonlar va ijtimoiy obyektlar markazlashgan issiqlik taʼminoti bilan qamrab olinadi.

Muloqot davomida tomonlar qishloq xo‘jaligida ilmiy yondashuvlar va innovatsion texnologiyalarni joriy etish, resurs tejovchi usullarni qo‘llash hamda yuqori hosildorlikka erishishga qaratilgan qo‘shma loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha ham kelishuvlarga erishdilar.

Uchrashuv yakunida investitsiyalarni jalb etish, yuqori texnologiyali ishlab chiqarishlarni tashkil etish va o‘zaro manfaatli hamkorlikni yana-da kengaytirish bo‘yicha kelishib olindi.

UzDaily · 👁 25 views · 21.06.2026 · 17:05