Toşkent, Özbekiston (UzDaily.uz) — Özbekistonda qişloq xöjaligi, baliqçilik xöjaligi, sanoat, energetika hamda maişiy ehtiyojlar uçun suv oliş qoidalarini buzgan yuridik şaxslarga nisbatan moliyaviy sanksiyalarni qöllaş tartibi tasdiqlandi.
Tegişli nizom 2026 yil 21 oktyabrdagi 585-sonli Vazirlar Mahkamasi qarori bilan tasdiqlangan.
Qoidabuzarliklar qatoriga belgilangan limitdan ortiq suv oliş, şartnomasiz yoki maxsus suvdan foydalaniş uçun ruxsatnomasiz suv oliş, suv oliş joylarida suvni tartibga soliş va hisobga oliş uskunalarining mavjud emasligi, şuningdek, özboşimçalik bilan suv oliş kiradi.
2027 yil 1 yanvardan boşlab kalendar yili davomida birinçi marta qoidabuzarlik sodir etilganda, agar bu fuqarolarning hayoti va soğliğiga yoki boşqa şaxslarning mol-mulkiga zarar yetkazmagan bölsa, yuridik şaxsga ogohlantiriş beriladi.
Inspeksiya ogohlantiriş va körsatmani suvnazorat.uz elektron platformasi orqali yuboradi. Agar qoidabuzarlik 10 kun içida bartaraf etilmasa, taşkilotga nisbatan moliyaviy sanksiya qöllaniladi.
Sanksiya miqdori olingan har ming kub metr suv uçun hisoblanadi. Bunda bazaviy hisoblaş miqdori va Suv kodeksining 164-moddasida belgilangan foiz stavkalari hisobga olinadi. Agar sanksiya qöllanilganidan keyingi bir yil içida qoidabuzarlik takroran sodir etilsa, sanksiya miqdori beş baravarga oşiriladi.
Nizomda sanksiyani ixtiyoriy ravişda tölaşning bir neçta varianti nazarda tutilgan. Agar yuridik şaxs sanksiya töğrisidagi qaror va uning hisob-kitobini olgan kundan boşlab bir oy içida belgilangan summaning 50 foizini tölasa, qolgan qismini tölaşdan ozod etiladi.
Şuningdek, sanksiyani olti oygaça bölgan muddatda bölib tölaşga ruxsat beriladi. Buning uçun dastlabki tölov bir oy içida amalga oşirilişi, har oylik tölovlar esa umumiy summaning kamida oltidan bir qismini taşkil etişi kerak. Belgilangan şartlarga rioya qilingan taqdirda, uşbu tartib avtomatik ravişda qöllaniladi.
Sanksiya ixtiyoriy ravişda tölangan taqdirda, yuridik şaxsga nisbatan huquqiy ta’sir çorasi qöllanilmagan deb hisoblanadi.
Agar sanksiya summasi bir oy içida ixtiyoriy ravişda tölanmasa, Inspeksiya sudga murojaat qiladi. Qaror ustidan şikoyat qilingan taqdirda, şikoyat körib çiqilgunga qadar sanksiyani qöllaş va tegişli muddatning ötişi töxtatiladi.
Agar sud undiruvni qonunga xilof yoki asossiz deb topsa, tölangan mablağlar 15 kun içida qaytarilişi şart.
Mablağlarni qaytariş keçiktirilgan har bir kalendar kuni uçun Markaziy bankning asosiy stavkasining uç yuzdan bir qismi miqdorida foiz hisoblanadi.