YXHT O'zbekiston hududlarida kiberjinoyatlar bo'yicha sudyalar uchun treninglarni kuchaytirmoqda

YXHT O'zbekiston hududlarida kiberjinoyatlar bo'yicha sudyalar uchun treninglarni kuchaytirmoqda

YXHT O'zbekiston hududlarida kiberjinoyatlar bo'yicha sudyalar uchun treninglarni kuchaytirmoqda

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2026-yilning 14-15-aprel kunlari Navoiy shahrida sudyalar uchun “Axborot texnologiyalari sohasidagi jinoyatlar: aniqlashdan sud hukmiga qadar” mavzusida o‘quv kursi o‘tkazildi. Tadbir YXHTning O‘zbekistondagi loyihalar koordinatori tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Huquqni muhofaza qilish akademiyasi bilan hamkorlikda tashkil etildi. Unda jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyatining tuman va shahar sudlarining 20 nafar sudya hamda sud raislari ishtirok etdi.

Internetdagi har xil firibgarlik holatlari, jumladan ma’lumotlar yoki pul mablag‘larini o‘g‘irlash, akkauntlarni buzish, veb-saytlar va axborot tizimlariga hujum qilish – bularning barchasi va boshqa ko‘plab qilmishlar kundalik hayotda deyarli har bir - shaxs duch kelishi mumkin bo‘lgan kiberjinoyatchilikka kiradi. Shu bilan birga, bunday jinoyatlarni tergov qilish va huquqiy kvalifikatsiya qilish jarayonini, ayniqsa raqamli muhitdagi harakatlar sudyalarning kundalik ish faoliyatini sezilarli darajada murakkablashtiradi.

Yuqorida keltirilgan holatlar sudyalarning raqamli muhitdagi jinoyatlarni ko’rib chiqish bo‘yicha malakasini oshirishga qaratilgan chora-tadbirlarning dolzarbligini ko‘rsatadi. Navoiydagi o’quv kursi doirasida ishtirokchilar kiberjinoyatchilikka qarshi kurashishning asosiy jihatlari, jinoyatlarni tergov qilish va sudda ko‘rib chiqishning o‘ziga xos xususiyatlari, shuningdek, raqamli dalillar bilan ishlash va raqamli kriminalistika asoslarini ko‘rib chiqdilar. Blokcheyn texnologiyalari, kriptoaktivlar va darknet jinoyatlarini tergov qilish bilan bog‘liq bo’lgan muammolarga alohida e’tibor qaratildi.

Bundan tashqari, transchegaraviy kiberjinoyatlarni tergov qilishda xalqaro hamkorlik, ushbu toifadagi jinoyat ishlarini ko‘rib chiqishda, inson huquqlariga rioya etilishini hisobga olgan holda, sud jarayonida raqamli dalillarni baholash va ularning maqbulligi masalalari muhokama qilindi. O‘quv dasturi kiberjinoyatchilikka qarshi kurashish sohasida sud tizimining institutsional salohiyatini mustahkamlashga qaratilgan.

Trening YXHTning “Kiber va axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasidagi tahdidlarga qarshi kurashishda milliy salohiyatni rivojlantirish” loyihasi doirasida raqamli jinoyatchilikning jadal o‘sishi sharoitida sudyalarning kasbiy salohiyatini oshirishga qaratilgan bir qator o‘quv tadbirlarining qismidir. Ushbu o‘quv kursi joriy yilning mart oyida Samarqand shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, kelgusida Andijon, Buxoro, Guliston, Jizzax, Nukus va Xiva shaharlarida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling