Yangi tahrirdagi “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi
Yangi tahrirdagi “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun qabul qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqilgan Yangi tahrirdagi “Masʼuliyati cheklangan jamiyatlar to‘g‘risida”gi Qonun Davlat rahbari tomonidan imzolandi.
Qayd etish kerakki, ushbu Qonun bilan masʼuliyati cheklangan jamiyatlar faoliyatiga zamonaviy korporativ boshqaruv tizimi joriy etilmoqda, sohadagi huquqiy bo‘shliqlar bartaraf etilmoqda hamda jamiyat ishtirokchilarining huquqiy kafolatlari yana-da kuchaytirilmoqda.
Ushbu Qonun jami 71 ta moddadan iborat bo‘lib, rasmiy eʼlon qilingan kundan eʼtiboran 3 oy o‘tgach kuchga kirishi belgilanmoqda.
Qonun loyihasini ishlab chiqishda, xorijiy va mahalliy darajadagi ekspertlarning fikrlari hamda jamoatchilikning takliflari, shuningdek, ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasi inobatga olingan.
Qonunda bir qator yangiliklar nazarda tutilgan. Jumladan:
Jamiyat kuzatuv kengashining vakolatlari hamda kengashi aʼzolarini saylash tartibi belgilanmoqda. Bu orqali, kelgusida kelib chiqishi mumkin bo‘lgan nizoli holatlarni oldini olish ko‘zlangan.
Jamiyat kuzatuv kengashining qarorlari sirtdan ovoz berish yo‘li bilan (so‘rov yo‘li bilan) qabul qilish tartibi aniq belgilanmoqda.
Qonunning yana bir muhim yangiliklardan biri, bu xalqaro korporativ boshqaruv amaliyotida mavjud bo‘lgan jamiyatning kuzatuv kengashi aʼzolarining, yakkaboshchilik asosidagi ijro etuvchi va kollegial ijro etuvchi organlarining fidutsiar majburiyatlari belgilanganligi hisoblanadi.
Qonun bilan jamiyat nafaqat litsenziya, balki boshqa ruxsat etuvchi hujjatlar va xabardor qilish tartibida faoliyat turlari bilan shug‘ullanishi mumkinligi belgilanmoqda. Bu esa, ular tomonidan amalga oshiriladigan faoliyat turlari sonini oshiradi.
Amaldagi qonunchilikda mavjud bo‘lmagan jamiyatlarning filiali va vakolatxonalarini, shuʼba va qaram xo‘jaliklarini ochish tartiblari alohida modda sifatida belgilanmoqda.